DOLLAR
DOLLAR (inglizcha dollar, nemischa “Taler” so’zidan) — 1) Amerika Qo’shma Shtatlari pul birligi. 1786 yildan muomalaga (kumush Dollar) kiritilgan. 1 Dollar = 100 tsent. Xalqaro ifodasi USD. AQSh Dollar xalqaro hisob-kitoblarda keng qo’llaniladi. Muomalada 100, 50, 20, 10, 5 va 1 Dollarli qog’oz pullar; 1 va 0,5, 0,25 0,1 Dollarli tangalar va 5, 2, 1 tsentli tangalar ishlatiladi. Xalqaro valyutalar kursi bo’yicha 1 AQSh dollari = 694 so’m 83 tiyin (2002 yil 5 Fevral). 2) Avstraliya pul birligi. 1966 yil Fevralda Avstraliya funti o’rniga muomalaga kiritilgan. 1 Dollar = 100 tsent. Xalqaro ifodasi AUD. Xalqaro valyutalar kursi bo’yicha 1 AQSh Dollar = 1,97 Avstraliya Dollar; 3) Kanada pul birligi. 1 Dollar = 100 tsent. Xalqaro ifodasi KYD. Xalqaro valyutalar kursi bo’yicha 1 AQSh Dollar = 1,53 Kanada Dollar. Shuningdek, Bagama, Barbados Orollari, Beliz, Bermuda Orollari, Bruney, Gayana, Zimbabve, Kayman Orollari, Liberiya, Namibiya, Singapur, Solomon orollari, Trinidad va Tobago, Fiji, Yamayka, yangi Zelandiya pul birliklari ham Dollar deb ataladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz