DOLINSK MANZILGOHI
DOLINSK MANZILGOHI – Nalchik shahri yaqinidagi Dolinsk shaharchasidan topilgan jez davri (miloddan avvalgi 2-ming yillik) yodgorligi. Qazish ishlari shimoliy Kavkaz ekspeditsiyasi tomonidan olib borilgan (1930, 1932-33). Har xil kattalikdagi kulba qoldiqlari topilgan. Kulbalar tomi va devorlari chetandan, usti somonli loy bilan suvalgan. Har bir kulbada bir necha tandirsimon o’choq qoldig’i, g’alla saqlanadigan o’ra, kuygan suyak, sopol siniqlari, tosh qurollar uchraydi. Kvars, obsidian va chaqmoqtoshdan yasalgan pichoq, qirg’ich, o’roq qadamalari va oyboltalar topilgan. Dolinsk manzilgohida mozorqo’rg’onlar ko’p. Kulbalar va qabrlardan topilgan ashyolar qad. dolinskliklar chorvachilik va ibtidoiy dehqonchilik bilan shug’ullanganini ko’rsatadi. Ularning ijtimoiy tuzumi matriarxat davridan patriarxat davriga o’tish bosqichida bo’lgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz