DOKTORANTURA



DOKTORANTURA — oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar (fan Doktorlari) tayyorlash shakli. O’zbekistonda uzluksiz ta’lim tizimining tarkibiy qismi va oliy bosqichi. Doktorantura O’zbekistan Respublikasi Fanlar Akademiyasi, vazirlik va idoralar tasarrufidagi ilmiy muassasalar, oliy o’quv yurtlari va tashkilotlarda ochiladi. Obro’li ilmiy maktablar, yetarli ilmiy salohiyat hamda zarur lab.tadqiqot bazalariga va ixtisoslashgan ilmiy kengashga ega ilmiy tadqiqot institutlari, oliy o’quv yurtlari, ilmiy muassasa va tashkilotlar qoshida fan va texnikaning eng muhim mutaxassisliklari bo’yicha fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish, respublika va uning mintaqalarida ilmiy-texnika taraqqiyoti hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlovchi davlat ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirish maqsadida tashkil etiladi. Doktoranturaga, odatda, himoya qilingan nomzodlik dissertasiyaga mos mutaxassisligi bo’yicha Doktorlik dissertatsiyasiga kamida 50% hajmda asos bo’la oladigan, ilmiy natijalari bilan salmoqli yutuqlarga erishgan, o’zini qobiliyatli hamda istiqbolli ilmiy yoki ilmiy-pedagog xodim sifatida namoyon qilgan, fundamental tadqiqotlarni yuksak saviyada olib borish va xalq xo’jaligi hamda ijtimoiy-iqtisodiy muhim ilmiy muammolarni hal qilish qobiliyatiga ega bo’lgan 45 yoshdan oshmagan fan nomzodlari qabul qilinadi. Doktoranturada o’qish muddati tabaqalashtirilgan tarzda belgilanadi (1-3 yil) va u ilmiy yoki ilmiy-pedagogik ish stajiga qo’shiladi. Idora ichida va idoralararo maqsadli Doktorantura ham mavjud. Maqsadli Doktoranturaga tuzilgan shartnoma asosida muassasa va tashkilotlar tomonidan yuboriladigan fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo’lgan shaxslar qabul qilinadi. Doktorantura asosan ilmiy tadqiqot ishlari natijalarini, ya’ni Doktorlik dissertatsiyasini ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashlarda himoya qilish bilan yakunlanadi. Dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilganlarga O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestasiya komissiyasi qarori bilan tegishli fan sohasi bo’yicha “fan Doktori” ilmiy darajasi berilib, davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplom topshiriladi. Botir Mirzahmedov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz