DOK



DOK (inglizcha dock) — 1) kemalarning suvga botib turadigan qismini qurish, suvdan chiqarib ko’zdan kechirish va ta’mirlash uchun xizmat qiladigan inshoot. Dok quruq, suvli va suzib yuruvchi xillarga bo’linadi. Quruq Dok gavan yoki havzaning qirg’og’iga quriladi. U devorlari va tubi suv o’tkazmaydigan kamera, shlyuz, nasos stansiyasi, kemalarni kameraga kiritish va undan chiqarish jihozlaridan iborat. Dok yog’och, tosh, po’lat, beton va temir-betondan quriladi. Unga suv to’ldirilib, ta’mirlanadigan kema kiritiladi va suv chiqarib yuboriladi, shunda kema maxsus to’sinlarga o’tirib qoladi. Suvli Dokda kema kamera devori bo’ylab yasalgan maydonga o’tiradi. Buning uchun maydonlar orasidagi kanalga nasos yordamida suv to’ldirilib, kema kiritiladi va suv chiqarib yuboriladi. Suvli Dokda bir vaqtda ikki kema ta’mirlanishi mumkin. Suzib yuruvchi Dok chetlariga ko’tarish kranlari o’rnatilgan uzun pontondan iborat. Kemani Dokga kiritish uchun pontonga suv to’ldirilib, kema kiradigan darajada suvga botiriladi va kranlar orasiga to’g’ri keltiriladi, so’ngra nasos yordamida pontondagi suv chiqarib tashlanadi, Dok suv betiga qalqib chiqadi va kema ponton tubiga o’tiradi. Bunday Dokning afzalligi uni istalgan joyga olib borish mumkinligidir. Suzib yuruvchi Dok po’lat va temir-betondan yasaladi; 2) dengiz sathi keskin o’zgarib turadigan joylarda kemalar yuk ortish yoki yuk tushirishga qo’yiladigan port havzasi (kamerasi). Bunday Dokda suv sathi o’zgarmay turadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz