DOIRA KVADRATURASI



DOIRA KVADRATURASI – berilgan doiraga tengdosh kvadrat yasash masalasi. Qadimgi mashhur 3 masala (ya’ni burchak trisektsiyasi, kubni ikkilantirish va Doira kvadraturasi) ning biri. Miloddan avvalgi 5-asrda yunon olimlari tsirkul va chizg’ich yordamida berilgan doiraga tengdosh kvadrat yasash masalasi bilan shug’ullanishgan (masalan, Gippokrat oychalari). Ammo ularning urinishlari behuda ketgan. 1882 yilda nemis matematigi F. Lindeman Doira kvadraturasi masalasini tsirkul va chizg’ich yordamida hal qilib bo’lmasligini qatiy isbotladi. Doira kvadraturasi masalasini, masalan, kvadratrisa yordamida echish, taqribiy va mexanik usullar (xususan, Leonardo da Vinchi tsilindri) yordamida yechish mumkin. Doira kvadraturasini taqribiy hal qilishni, xususan shunga bog’liq p ni taqribiy hisoblashni qadimgi o’rta osiyolik matematiklar ham juda yaxshi bilishgan. Masalan, Muhammad al-Xorazmiy, Jamshid al-Koshi va boshqalar p sonini katta aniqlik bilan hisoblaganlar.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz