DOIMIY VAKOLATXONA
DOIMIY VAKOLATXONA – xalqaro huquqda vakillik tusidagi organ (missiya). Davlat tomonidan o’zi a’zo bo’lgan bir yoki bir necha hukumatlararo xalqaro tashkilotlar huzurida ta’sis etiladi. Doimiy vakolatxona o’z mamlakati bayrog’i va emblemasidan foydalanish huquqiga ega. Doimiy vakolatxona va uning xodimlari huquqiy maqomi, imtiyoz va immunitetlari darajasi xalqaro bitimlar, shuningdek, o’zi istiqomat qilayotgan mamlakat qonunlari orqali belgilanadi. O’zbekistan Respublikasi BMT, YUNESKO huzurida va boshqa xalqaro tashkilotlarda o’zining Doimiy vakolatxonasiga ega. O’z navbatida Toshkentda BMTning Birlashgan vakolatxonasi ochilgan (1993 yil 24 oktabr), Jahon banki, tinchlik korpusi, qizil Xoch xalqaro qo’mitasi, Yevropa hamjamiyatining texnikaviy hamkorlikni muvofiqlashtirish bo’yicha O’zbekiston sho’basi, Germaniya texnikaviy hamkorlik jamiyati, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Konrad Adenauer jamg’armasi, xalqaro valyuta jamg’armasi, Germaniya iqtisodiyoti vakilligi kabi xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari ishlab turibdi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz