DOGMATIZM



DOGMATIZM, aqidaparastlik — tanqidiy nuqtai nazardan tekshirmay, aniq sharoitni hisobga olmay ko’r-ko’rona fikr yuritish usuli. Falsafada Dogmatizm biror tezisni falsafiy tizimga asos qilib olib, uning haqiqatligini isbot qilish shart emas deb fikr yuritishda namoyon bo’ladi. Qadimgi davrda falsafada hamma narsani shubha ostiga oluvchi skeptiklarga qaramaqarshi o’laroq ijobiy fikr va ta’limotni ilgari suruvchilarni dogmatiklar deb atashgan. I. Kant tajriba va kuzatuv bilan hisoblashmay, inson aql-zakovati bunga haqlimi-yo’qmi deb o’ylamay metafizik fikrlovchilarni dogmatiklar deb hisoblagan. Dogmatizm diniy ta’limotda qatiy, hech bir e’tirozga yo’l qo’ymaydigan aqidalarga rioya qilishda, fan sohasida esa, tayin tarixiy sharoitlarni hisobga olmay o’zgarmas qonun va qoidalarni tan olishda namoyon bo’ladi. Dogmatizmga asoslangan tafakkur usuli ilmiy bilishga zid, nazariya bilan amaliyotning bir-biridan ajralib qolishi natijasidir. Dogmatizm hukm surgan joyda turg’unlik, jaholat, karaxtlik, qotib qolish, mutaassiblik paydo bo’ladi. Yaqin o’tmishdagi sho’rolar tuzumi davrida fan, falsafa, iqtisodiyot, adabiyot va san’at sohalarida dogmatik fikrlash usuli hukmronlik qildi. Iqtisodiy, siyosiy tashkilotlar va ular ishidagi buzilishlar ilmda sosializmning asosiy mohiyatini tashkil etuvchi tomonlar sifatida ko’rsatilar va mutlaqlashtirilar edi. Bu xulosalar esa ijtimoiy fanlarga bahslashib bo’lmaydigan dogma sifatida kiritilib, nazariy fikrlarning ijodiy taraqqiyotiga to’siq bo’lib qolgan edi. Shunday sharoitda kimki yangi ilmiy muammoni ko’tarib chiqsa, ijodiy fikr yuritishga urinsa, u sotsializm dushmani deb e’lon qilinar edi. Natijada ijtimoiy fan vakillari orasida sosialistik jamiyatni tanqidiy tahlil qilish mumkin emas, degan fikr keng yoyilgan edi. SSSR parchalangandan so’ng ilm-fan va boshqa nazariy hamda amaliy faoliyatda ijodiy fikr yuritish imkoniyati vujudga keldi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz