DOG’
DOG’, dog’ tushishi (o’simliklarda) — qishloq xo’jalik ekinlarining barg, poya, meva va boshqa qismlarida nobud bo’lgan hujayralardan vujudga kelgan dog’ bilan tavsiflanuvchi kasallik. Nekrozlarning bir ko’rinishi. Dog’ tuproqda oziq moddalarning yetishmasligidan, sanoat chiqindi gazlarining havoni ifloslantirishidan, o’simliklarning kuyishi, zamburug’lar, bakteriyalar, viruslar bilan kasallanishi va boshqalardan paydo bo’ladi. Dog’ hosil qiluvchi qo’zg’atuvchilar, odatda, to’qimalarga tarqalish jarayonida o’simlik-xo’jayin tomonidan ko’rsatiladigan mexanik va kimyoviy to’siqqa duch keladi. Mexanik to’siq sog’lom va kasallangan to’qimalar o’rtasida hosil bo’lib, infektsiya o’chog’ini chegaralab qo’yadigan po’kak qatlam ko’rinishida namoyon bo’ladi. Kimyoviy to’siq o’simlikning kasallangan va unga qo’shni hujayralarida parazit uchun zaharli bo’lgan fenolli moddalarning to’planishi bilan bog’liq. Dog’ning tashki ko’rinishi parazit bilan o’simlikxo’jayining o’zaro munosabatiga bog’liq bo’lib, ularning o’ziga xos xususiyatlari bilan belgilanadi. Patogen o’simlikka kirganda himoya reaktsiyasi kuchli bo’lsa, unda mayda nekrotik Dog’ vujudga keladi va parazitning rivojlanishi to’xtaydi. Agar himoyalanish sust bo’lib, yuqumni chegaralab qo’yishga kuchi yetmasa, unda Dog’ hajmi asta-sekin kattalashib boradi (masalan, g’o’za, pomidor, kartoshkada makrosporioz, lavlagi fomozi va boshqalar). Ba’zan Dog’da qon-tsentrik halqa ko’rinishidagi to’xtab turuvchi zona ko’zga yaqqol tashlanadi (zonal Dog’). Patogen zamburug’lar keltirib chiqaradigan turli shakl hamda rangdagi quruq Dog’ yuzasida zamburug’ sporalarini kuzatish mumkin. Bakterial Dog’ mayda, rangsiz hoshiya bilan o’ralgan bo’lib, ba’zan ulardan yelimshak tomchilar chiqib turadi (masalan, g’o’za gommozi). Virusli Dog’ barg tomirlari bo’ylab joylashadi yoki o’ziga xos halqalar, shakllar hosil qiladi. Dog’ rangi qizil, to’qqo’ng’ir, kulrang, qora, oq bo’lishi mumkin. Dog’ barg, meva, poya qismlarining qurib qolishiga sabab bo’lib, o’simlikning fotosintetik sathini kamaytiradi va hosildorlikni pasaytiradi. Qarshi kurash choralari havola ko’rsatilgan maqolalarda berilgan. Abdukarim Zikiryoyev.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz