DODEKAFONIYA



DODEKAFONIYA (Yunoncha dodeka – o’n ikki va phone — tovush) — atonal musiqani muayyan qoidalarga bo’ysundirish maqsadida yaratilgan kompozitorlik texnikasi. 1910-yillarda Avstriyada Y. M. Xauer, F. G. Klayn, shuningdek, rus kompozitori N. Roslaveslar Dodekafoniyaga yaqin tarzda asarlar yaratishga uringan. Mukammal Dodekafoniyaning qonun-qoidalarini Avstriya kompozitori A. Shyonberg (10 yildan ziyodroq davr mobaynida) ishlab chiqib, muhimi, ijodiy amaliyotda qo’llagan (1923 yil, fortepiano uchun 3 ta pyesa). Dodekafoniyada asarni tashkil etuvchi kuy va hamohangliklar majmui seriya deb atalib, turli balandlikdagi 12 xromatik, teng huquqli tovushning muayyan izchilli-gidan tuziladi, bunda registr, gorizontal va vertikal yo’nalishlar erkin ravishda almashadi. Dodekafoniya ustalari orasida A. Shyonbergning shogirdlari A. Berg, A. Vebern, rus kompozitori I. Stravinskiy, polyak V. Lyutoslavskiy, italyan mualliflari L. Dallapikkola, L. Nono, yapon kompozitorlari Yo. Masudayra, T. Mayudzumi, K. Fukusima va boshqalar tanilgan. O’zbekistonda ilk bor F. Yanov-Yanovskiy, M. Tojiev, N. Zokirov, keyinchalik M. Maxmudov, N. G’iyosov, D. Yanov-Yanovskiy va boshqa kompozitorlar Dodekafoniyaning ayrim xususiyatlaridan foydalanishgan. Ad.: Kogoutek Ts., Texnika kompozisii v muzike XX veka, M., 1976.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz