Dmitriy Ushakov
Dmitriy Nikolayevich Ushakov ((12-[24] yanvar 1873, Moskva — 17-aprel 1942, Toshkent)) — rus va sovet tilshunosi, rus imlosi islohoti tashkilotchilaridan biri, SSSR Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi (1939). Asosan rus tilining asosiy izohli lugʻatlaridan birining muharriri va hammuallifi sifatida tanilgan (qarang: Ushakov lugʻati).
Hayot yoʻli
Moskva harbiy gospitalining katta stajyori oftalmolog Nokolay Vasilyevich Ushakov (1837-1874) va Uspenskiy sobori arxpriyesti Dmitriy Petrovich Novskiy (1799—1879)ning qizi Anna Dmitriyevnaning farzandi. Ikki yoshida u otasidan ayrilgan va ruhoniy bobosi oilasida tarbiyalangan. Dastlabki taʼlimni bobosining uyida olgach, 1882-yilda toʻqqiz yoshida birinchi Moskva olti yillik pro-gimnaziyasining tayyorgarlik sinfiga, 1889-yilda esa Beshinchi Moskva gimnaziyasi (hozirgi — № 91-sonli Moskva maktabi)ning yettinchi sinfiga yuborilgan. 1891-yilda Ushakovga berilgan shahodatnomada quyidagi jumlalar yozilgan edi: „Beshinchi Moskva gimnaziyasida oʻqish paytida uning xulq-atvori mutlaqo aʼlo boʻlib, darslarda ishtirok etish va tayyorgarlik koʻrishda, shuningdek yozma ishlarni bajarishdagi mas’uliyati va qiziquvchanligi maqtovga sazovor“.
Dmitriy Nikolayevich Ushakov 1895-yilda Moskva universitetining tarix-filologiya fakultetini 1-darajali diplom bilan tugatgan. Dmitriy Ushakov F.F. Fortunatovning shogirdi boʻlib, u Ushakovga bitiruv inshosi mavzusida „Skloneniye u Gomera“ mavzusini taklif qilgan. Uni universitetda qiyosiy tilshunoslik va sanskrit kafedrasi professori lavozimiga tayyorlash uchun qoldirgan. Ushakov Moskva universitetida F. F. Fortunatovdan tashqari filolog F. Ye. Korsh va tarixchi V. O. Klyuchevskiylarni ham oʻz ustozlari deb hisoblagan. Olim Fortunatov shogirdlari, jumladan A. A. Shaxmatov, M. M. Pokrovskiy, A. I. Tomson, N. N. Durnovo, A. M. Peshkovskiy va boshqalardan tashkil topgan filolog-olimlar toʻgaragi aʼzosi boʻlgan.
Ushakov oʻrta maktabda dars bergan va shu bilan bir qatorda ilmiy jurnallarda rus dehqonlarining eʼtiqodlari va urf-odatlari haqida etnografik maqolalar chop ettirgan. 1900-1901-yillarda u magistrlik imtihonlarini topshirgan va ,,Rus xalq eposini oʻrganishning asosiy yoʻnalishlari" hamda „Moskva shevasi rus adabiy tilining asosi sifatida“ mavzusida ikkita sinov maʼruzasini oʻqigan. 1901-yildan Ushakov rus tili magistri va Moskva universiteti dotsenti.
1907-1930-yillarda D. N. Ushakov Moskva universitetining tarix-filologiya fakulteti rus tili kafedrasi professori boʻlgan. U shuningdek: Oliy ayollar pedagogika kurslari (1907-1918), Oliy ayollar kurslari (1909-1919), V. A. Poltoratskaya Oliy ayollar kurslari (1910-1919), Oliy harbiy pedagogika maktabi (1919-1922), Bryusov nomidagi adabiyot instituti (1924-1925), Davlat Soʻz instituti (1920-1925) hamda OGIZ tahririyat-nashriyot institutida (1932-1933) dars bergan. Moskva teatrlarida orfoepiya darslaridan maʼruzalar qilgan.
1903-yilda olim Moskva dialektologiya komissiyasining tashkilotchilaridan biri, nashrlarining bosh muharriri boʻlgan. 1915-yilda F. Ye. Korsh vafotidan soʻng, Ushakov 1931-yilgacha uyushma tugatilgunga qadar komissiya raisi vazifasida faoliyat yuritgan. Institutning butun faoliyati davomida (1934-1941) MIFLI(Moskva falsafa, adabiyot va tarix instituti) rus tili kafedrasi mudiri boʻlgan.
Ushakov urush yillarida Toshkentga evakuatsiya qilingan. 1942-yil 17-aprelda Toshkentda vafot etgan va Botkin qabristoniga dafn etilgan.
Ushakov lugʻati
Lugʻat ustida ishlagan paytlarida D. N. Ushakov tilshunoslik, dialektologiya, imlo, orfoepiya, leksikografiya va rus tili tarixiga oid asarlari bilan mashhur boʻlgan. Uning 1911-yilda yozgan „Rus imlosi“ kitobida rus adabiy nutqida imlo va talaffuz oʻrtasidagi munosabat tahlil qilingan. Bu asarida D. N. Ushakov dastlab rus imlosini isloh qilish zarurligini asoslab bergan va 1917—1918-yillarda imlo islohoti loyihasini ishlab chiqishda faol ishtirok etgan.
20-asrning dastlabki yigirma yilligida Rossiyada sodir boʻlgan inqilobiy ijtimoiy oʻzgarishlar rus tilining lugʻatini sezilarli darajada oʻzgartirgan. Shu bois, 1920-yillarda rus tilining izohli lugʻati ustida ish boshlangan. Uni Dmitriy Nikolayevich Ushakov tuzuvchi va bosh muharrir sifatida ijro etgan.
4 tomli „Rus tilining izohli lugʻati“ 1935-yildan 1940-yilgacha nashr etilgan. Natijada XX asrda rus tilining rivojlanishini tavsiflashda muhim boʻshliqni toʻldirgan lugʻat yaratilgan. Ushbu lugʻat mutaxassislar tomonidan XIX-XX asrlardagi lugʻat nashrlari roʻyxatida turishi majburiy boʻlgan manba sifatida tasniflangan, yaʼni ularsiz zamonaviy rus tili toʻliq boʻlmaydi. Lugʻat 90 mingdan ortiq yozuvlarni oʻz ichiga oladi va keng oʻquvchilar auditoriyasi uchun moʻljallangan.
Xizmatlari
Ushakovning tadqiqotlari dialektologiya, leksikografiya, nazariy grammatika, pedagogika, tasviriy fonetika, stilistika va rus tili tarixiga bagʻishlangan. U tilni barcha qismlari funksional jihatdan bir-biri bilan bogʻlangan va ajralmas boʻlgan yaxlit tizim, organizm deb hisoblagan. Olimning chop etilgan asosiy nashrlari:
Audioyozuv
Adabiyotlar
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org