Dmitriy Svishevskiy
Dmitriy Timofeyevich Svishevskiy (1840—1922) – rus general-muhandisi, Turkiston yurishlari ishtirokchisi, Rossiya imperiyasi Harbiy kengashi aʼzosi.
Biografiyasi
1840-yil 11-fevralda Xerson guberniyasida tugʻilgan, Kamenets-Podolsk guberniyasining merosxoʻr zodagonlaridan, Kremenchug piyoda polkining komandiri, polkovnik Timofey Ivanovich Svishevskiyning oʻgʻli. 1-kadet korpusida taʼlim olgan, u yerdan 1859-yil 16-iyunda Nikolayev muhandislik akademiyasiga oʻqishga topshirgan holida Pavlovskiy qutqaruv polkiga praporshik sifatida xizmatga yuborilgan.
1861]—1863-yillarda Svishevskiy Kavkazga yuborilgan. U yerda Samur piyoda polkining 6-zaxira batalyoniga oʻtkazilgan va togʻliklarga qarshi yurishlarda qatnashgan; 1863-yil 6-dekabrda leytenant unvoni berilgan. Xizmatdan qaytgach, Nikolayev muhandislik akademiyasida oʻqishni davom ettirgan, shundan soʻng 1865-yil 12-avgustda 2-Kavkaz sapyor batalyonida xizmatga tayinlanib, tez orada Turkistonga joʻnatilgan.
1866-yilning boshida Svishevskiy Orenburg (keyinchalik Turkiston) sapyorlar kampaniyasiga va Turkiston viloyatidagi harbiy gubernator va qoʻshinlar qoʻmondoni ixtiyoriga oʻtkazilgan. Oʻsha yili Buxoro va Qoʻqon xonliklariga qarshi yurishda qatnashib, may oyida Xoʻjandni egallashda oʻzini koʻrsatgan; general Romanovskiy ushbu shaharga qilingan hujumi haqidagi hisobotida: „Leytenant Svishevskiy haqida, kolonna boshligʻi polkovnik Krayevskiy alohida maqtov bilan gapirardi“ deb yozgan.
1866-yil 2-oktabrda Svishevskiy Orenburg sapyorlar kampaniyasining komandiri etib tayinlangan va shu oyda yana jonbozlik koʻrsatib ajralib turgan: Oʻratpaga qamal va undan soʻng hujum paytida artilleriya batareyalarini jihozlab, mina oʻrnatgan. Janakorgan qal’asi va Jizzaxga hujum paytida tayyorgarlik bilan tezda hozir boʻlgan. Jizzaxni egallashdagi xizmatlari uchun unga „Jasorati uchun“ yozuvi tushirilgan oltin qilich berilgan. Oʻsha yili harbiy xizmatlari uchun shtab kapitanligi unvoniga sazovor boʻlgan.
1868-yilda Svishevskiy yana Buxoro amiriga qarshi yurishda qatnashgan, bu esa Buxoro amirligini toʻliq bostirilishiga olib kelgan; bu yurishdagi xizmatlari uchun kapitan lavozimiga tayinlangan.
Turkiston harbiy okrugi qoʻshinlarida xizmatini davom ettirgan Svishevskiy 1872-yil 25-dekabrda podpolkovnik unvoniga koʻtarilgan va 1873-yilda Turkiston otryadi safida Xiva xonligiga qarshi yurishda qatnashgan. Svishevskiy Turkistonda xizmat qilayotib, Toshkentning yangi shahar qismida suv quvurlari qurilishiga rahbarlik qilgan, shuningdek, mintaqadagi mavjud yoʻllarni tuzatish va yangi yoʻllar qurish bilan shugʻullangan.
1875-yil 25-dekabrda polkovnik unvoniga koʻtarilgan Svishevskiy 1877—1878-yil]larda Bolqonda turklarga qarshi kurashgan 5-muhandislik batalyonining komandiri etib tayinlangan. Ushbu kampaniya davomida Svishevskiy Slatinadan Dunay va Zimnitsaga qadar koʻprik qurilishi uchun muhim mahsulotlarlarini yetkazib berishni nazorat qilgan va Nikopolda Dunay boʻylab yoyilgan turk askarlari qarshiligiga qaramay koʻprik qurishda davom etgani bilan ajralib turgan; bu xizmatlari uchun uning batalyoni Georgiy karnaylari bilan taqdirlangan. 1877-yil dekabrda Shipka pozitsiyasini mustahkamlash boʻyicha ishlarga rahbarlik qilib, buning uchun qirollik marhamatiga sazovor ham boʻladi.
1888-yil 17-avgustda Svishevskiyga general-mayor unvoni berilgan va 2-injenerlar brigadasining boshligʻi etib tayinlangan; 1896-yil 14-mayda general-leytenant unvonini olgan. 1898-yil 23-fevralda Bosh muhandislik boshqarmasining muhandislik qoʻmitasi doimiy aʼzosi etib tayinlangan va oʻsha yilning 19-martidan boshlab muhandislik qoʻshinlarining inspektori lavozimida faoliyat boshlagan. 1906-yil 29-aprelda Qoʻshinlar taʼlimi qoʻmitasining doimiy aʼzosi etib tayinlanishi bilan hamohang tarzda avvalgi lavozimlaridagi faoliyatini ham davom ettirgan. 1909-yil 7-avgustdan urush vazirining ixtiyorida boʻlgan va 1909-yil 13-oktyabrda Harbiy kengash aʼzosi etib tayinlangan. Oʻsha yilning 6-dekabrida bosh muhandis lavozimiga koʻtarilgan.
1916-yil 1-yanvarda Svishevskiy qonun bilan belgilangan Harbiy Kengashda faoliyatining olti yillik muddati tugagandan soʻng, nafaqaga chiqarilgan. 1922-yilda vafot etgan.
Adabiyotlar
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org