DIZENTERIYA AMYOBASI
DIZENTERIYA AMYOBASI (Entamoeba histolytica) — amyobalar turkumiga mansub bir hujayrali parazit hayvon. Rus olimi F. A. Lesh 1875 yil kashf etgan. Ko’p hollarda amyoba tsistasi odam yo’g’on ichagidagi axlatda ko’payadi, lekin ichak epiteliysiga ziyon yetkazmaydi. Bunday hollarda odam dizenteriya bilan og’rimasdan amyoba tsistasini tashuvchi hisoblanadi. Bu amyobaning ichak bo’shlig’ida yashaydigan shakli bo’lib, uzunligi 20 mkm ga yetadi. Dizenteriya amyobasining soxta oyoqlari boshqa amyobalarnikiga nisbatan ancha kalta va yo’g’on; yadrosi yumaloq; endoplazmasida yutilgan bir necha bakteriya bo’lishi mumkin. Ichak bo’shlig’ida Dizenteriya amyobasi qobiqqa o’ralib, sharsimon tsistaga aylanadi. Yetilgan tsistaning yadrosi 4 ta; yetilmaganlarida 1-2 yoki 3 ta bo’ladi. Tsistalar axlat bilan tashqi muhitga chiqadi; u yerdan oziq-ovqat yoki qaynatilmagan suv bilan yana odam ichagiga o’tadi, rivojlanib metasista (8 ta yosh amyobali) holatini o’tib, ichak bo’shlig’ida yashaydigan shaklini hosil qiladi. Ayrim hollarda ichak bo’shlig’idan uning epiteliysi hujayralariga kirib ko’payib, yara hosil qiladi (amyobiaz). Dizenteriya amyobasining to’qimada yashaydigan bu shaklining kattaligi 25 mkm ga yetadi; uning tsitoplazmasida hech qanday kiritmalar bo’lmaydi. Ichak yarasidan chiqadigan shilimshiq, yiring va qon axlat bilan aralashib ketadi. Bunday hollarda ichak bo’shlig’idagi yaradan chiqqan amyobalar yiriklashib eritrositlarni yutadigan bo’lib qoladi, amyobaning eritrofag, ya’ni katta vegetativ shakli paydo bo’ladi. Eritrofag axlat bilan tashqi muhitga chiqqanida 15-20 minutdan so’ng nobud bo’ladi. Amyobiazning o’tkir davri susayganda eritrofag kichrayib, ichak bo’shlig’ida yashaydigan shaklga, so’ngra tsistaga aylanadi. Tsistali axlat kasallik yuqadigan manba hisoblanadi. Tsistalar suvda va nam tuproqda bir oy va undan ko’proq tirik qoladi. Dizenteriya amyobasi bilan zararlangan odam ichagidan bir kecha-kunduzda tashqi muhitga 300 million, ba’zi 600 milliongacha tsista chiqishi mumkin.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz