DIZENTERIYA
DIZENTERIYA (diz… va Yunoncha enteron — ichak), ichburug’ — yo’g’on ichakning zararlanishi (bot-bot ich ketishi va qorinning burab og’rishi) va organizmning zaharlanishi (bushashish, holdan toyish, bosh og’rig’i, harorat kutarilishi, kungil aynishi, ba’zan qayt qilish) bilan kechadigan o’tkir infektsion kasallik. Butun yer yuzida uchraydi. Odamlarda uchraydigan Dizenteriya qo’zg’atuvchisining turiga qarab, bakterial Dizenteriya bilan amyobiaz farq qilinadi. Bakterial Dizenteriya mikroblari tayoqchasimon bo’lib, bir necha turi bor; bu turlarni kashf etgan olimlar nomi bilan Grigorev-shiga, Shmits-shtuser, Fleksner, Zonne va hokazo bakteriyalari deb ataladi. Grigorev-shiga bakteriyalari boshqa bakteriyalardan farq qilib, kuchli toksin chiqaradi (bu mikrob qo’zg’atgan kasallik og’irroq o’tadi). Fleksner va Zonne bakteriyalari qo’zg’atgan hollar ko’proq kuzatiladi (ular qo’zg’atgan kasallik yengilroq o’tadi); Shmits-shtuser bakteriyalari juda kam uchraydi. Dizenteriya bakteriyalari bemor axlati bilan tashqi muhitga chiqadi. Kasallikdan sog’aygan ba’zi kishilar ham Dizenteriya bakteriyalarini uzoq vaqt chiqarib turadi. Bemorni parvarish qilayotgan kishilar, shuningdek, bakteriya tashuvchilarning yuvuqsiz qo’li va pashsha orqali Dizenteriya mikroblari suv, meva, sabzavot, sut va ovqatga o’tishi mumkin. Ularda Dizenteriya mikroblari bir necha kundan 2-3 oygacha saqlana oladi. Sog’lom odam Dizenteriya bakteriyalari bilan ifloslangan suv, meva, sabzavot, ovqatni iste’mol qilganda kasallik yuqadi. Ozodalik qoidalariga rioya qilmaslik (hojatxona, oshxonalarning iflos bo’lishi, pashshani yo’qotmaslik, qo’lni tozalab yuvmaslik va sh. k.) Dizenteriyaning tarqalishiga sabab bo’ladi. Dizenteriya yil bo’yi uchrab turadi, ammo issiq faslda (iyun — oktabr) pashsha ko’payishi, suv ko’p ichilishi, meva-sabzavotni yuvmay yeyish natijasida Dizenteriya bilan kasallanish ko’payadi. Dizenteriyaga hamma moyil, lekin yosh bolalar, keksalar va nimjon kishilarda ko’proq kuzatiladi. Dizenteriya bakteriyalari yo’g’on ichakda ko’payadi va ayni vaqtda ichakni yallig’lantirib, butun organizmda moddalar almashinuviga putur yetkazadi. Ularning yo’g’on ichakda qosil qiladigan zahari (toksini) ichak shilliq pardasiga o’ziga xos ta’sir ko’rsatadi (yallig’lantiradi, yara hosil qiladi va hokazolar), butun organizmni zaharlaydi (intoksikatsiya). Kasallik yuqqach, 3-4 kunlik yashirin (inkubatsion) davrdan keyin qorin burab og’riydi, tez-tez ich ketadi. Avval ich suyuq kelib, keyin qon bilan shilimshiq aralash (yalqug’) bo’ladi. Bir kecha-kunduzda 10-15 martagacha hojatxonaga boorish Dizenteriyaga xos belgidir. Bemor temperaturasi kasallikning faqat dastlabki kunlarida salgina ko’tariladi. Qorin dapqir-dapqir burab og’riydi, to’g’ri ichak tortishibqisqarib og’ritadi (tenezm), ayni vaqtda tez-tez ich kelishi, soxta “hojat bo’lishi” bemorning axgyulini og’irlashtiradi. Ich ketishi tufayli ko’p suyuqlik yo’qolishi natijasida bemor tez ozadi, ko’zi kirtayib qoladi, terisi qurishadi, qo’l-oyog’i sovqotadi, ishtahasi yo’qoladi, qattiq chanqaydi. Umumiy ahvoli mushkullashadi. Kasallik asoratsiz o’tganda 6-7- kuni ich ketishi kamayadi, axlatda yalqug’ yo’qoladi, qorin og’rig’i bosiladi, bemor ishtahaga kiradi. Dizenteriya bir necha kundan (yengil xili) 3-4 haftagacha davom etadi. Kasallik qo’zishi (qaytalanishi) ham mumkin. Asosan, yosh bolalar bilan keksalarda Dizenteriya og’ir o’tadi. Avitaminoz, nimjonlik, o’ta charchash va sh. k. Dizenteriyaning cho’zilishiga (surunkali Dizenteriyaga) sabab bo’ladi. Dizenteriyaning bu xili oylab cho’ziladi, vaqt-vaqti bilan zo’riqib turadi. U so’nggi yillarda kam uchramoqda. Surunkali Dizenteriya bilan og’rigan bemorlardan tevarak-atrofdagilarga kasallik yuqishi mumkin. Yosh bolalarda Dizenteriya o’ziga xos o’tadi: ichakning yallig’lanishidan ko’ra umumiy intoksikatsiya yaqqol ko’zga tashlanadi. Yuqorida aytilgan belgilardan tashqari, axlatni laboratoriyada tekshirish, yo’g’on ichak pastki qismining shilliq qavatini ko’zdan kechirish (kolonofibroskopiya, rektoromanoskopiya) va bakteriologik tekshirish asosida Dizenteriya aniqlanadi. Bemor kasalxonada davolangani ma’qul. Dizenteriya bilan og’rib o’tgan kishida qoladigan immunitet uzoq davom etmaydi. Dizenteriyani davolashda dorilardan tashqari, parhezning ahamiyati bor. Dizenteriyaning oldini olish uchun aholi yashaydigan joylarni toza tutish, oziq-ovqat korxonalari, suv tarmoqlari ustidan sanitariya nazoratini kuchaytirish, pashshani yo’qotish, shaxsiy gigiena qoidalariga jiddiy rioya qilish, meva-sabzavotni toza suvga obdan yuvib yeyish kerak va hokazolar. Aholini, ayniqsa qishloq joylarida, toza ichimlik suv bilan ta’minlash nafaqat Dizenteriya, balki barcha o’tkir ichak kasalliklarining oldini olishda muhim ijtimoiy tadbir hisoblanadi. Bolalarni yoshligidan pokizalikka odatlantirish lozim. Kasallik bemordan atrofidagilarga oson yuqishi, Grigorev-shiga bakteriyalari qo’zg’atadigan Dizenteriya og’ir kechishini e’tiborga olib, bemorni iloji boricha kasalxonaga yotqizib davolagan ma’qul. Hayvonlardan qo’zi va cho’chqalarda uchraydigan o’tkir infektsion kasallik. Asosan 3-5 kunlik qo’zilarda ichakning gemorragik yallig’lanishi va ich ketishi bilan kuzatiladi. Qo’ylarda Dizenteriyani Clostridium perfrindens V. turiga mansub spiroxeta qo’zg’atadi. Kasallik sog’lom va kasal hayvonlar birgalikda saqlanganda alimentar yo’l bilan yuqadi. Dizenteriya qo’zilatish mavsumi — bahorda avj oladi. Kasal hayvonlarning qon aralash ichi ketadi, ishtahasi yo’qolib, ozib qoladi. Kasallikning o’tkir shaklida qo’zilar bir necha soat ichida nobud bo’ladi. Yengilroq kechganda qo’zi ko’proq yotadi, emmay qo’yadi, tana harorati 41° gacha ko’tariladi. Keskin oriqlagan qo’zilar nobud bo’ladi. Qo’zilarni sifatsiz oziqlantirish, gigiena qoidalariga amal qilmaslik ham kasallikning kelib chiqishiga sabab bo’ladi. Davolash: gipreimmun zardob, norsulfazol (1%) va boshqa antibiotiklar buyuriladi. Oldini olish: zoogigiena, veterinariya-sanitariya qoidalariga amal qilish, sifatli oziqlantirish, tozalikka rioya qilish, kasallangan hayvonlar 6-10% li xlorli ohak, 5% li kreolin bilan dezinfektsiya qilinadi. Bo’g’oz qo’ylar qo’zilashidan 20-30 kun ilgari bir marta, 10-20 kun qolganda ikkinchi marta emlanadi. Qo’zilar tug’ilishi bilan dastlabki soatlarda Dizenteriyaga qarshi qo’llaniladigan maxsus zardob yuboriladi (teri ostiga). Ad.: Musaboev I. Q., Dizenteriya, T., 1960; Mahmudov O. S, Bolalarning yuqumli kasalliklari, T., 1995. Shonosir Shovahobov, Ahror Ro’zimurodov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz