DIZEL YONILG’ISI



DIZEL YONILG’ISI – neftdan olinadigan suyuq yonilg’i; qisilishdan alangalanadigan ichki yonuv dvigateli (dizel’) da ishlatiladi. Uch guruhga bo’linadi: 1) tezyurar transport dvigatellari va statsionar dvigatellar (aylanish soni minutiga 1000 va undan ortiq) uchun mo’ljallangan qovushoqligi past distillyat yonilg’i; 2) ko’p kuch tushadigan stasionar dvigatellar va kema dvigatellari (aylanish soni minutiga 600 dan 1000 gacha) uchun mo’ljallangan qovushoqligi o’rtacha distillyat yonilg’i (solyar moyi); 3) sekin aylanadigan dvigatellar — stasionar va kema dvigatellari (aylanish soni minutiga 600 gacha) uchun mo’ljallangan qovushoqligi yuqori, og’ir fraktsiyali yonilg’i. Dizel yonilg’isining eng muhim xossalaridan biri o’z-o’zidan alangalanish temperaturasidir; uning qanday yonishi temperaturaga bog’liq. Yonilg’i sifati undagi tsetan soni (o’z-o’zidan qanchalik tez alangalanishi) ga bog’liq. Uning o’zo’zidan alangalanishini osonlashtirish va to’la yonishiga erishish uchun tegishli kimyoviy tarkibga ega bo’lgan xom ashyo tanlab olinadi. Dizel yonilg’isi sifati xom ashyoning yaxshi tozalanishiga ham bog’liq bo’ladi. Turli iqlim sharoitlari uchun qotish temperaturasi, fraktsiya tarkibi va boshqa ko’rsatkichlari bilan farq qiladigan (o’ta sovuq joylarga mo’ljallangan, qishki va yozgi) yonilg’i xillari bor.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz