DIZAYN



DIZAYN (inglizcha design — loyiha, chizma, rasm) — narsalar muhitini estetik va funktsional sifatlarini shakllantirish maqsadiga qaratilgan loyihalash faoliyati turlarini ifodalovchi termin. Dizayn faoliyati tarkibiga keng iste’mol buyumlari, mashina, dastgoh, kiyim, reklama va o’rov materiallari, ishlab chiqarish, jamoat va turar joy binolarini jihozlash, mebel va boshqalar kiradi. Dizayn 20-asr boshlarida yuzaga kelib, 30-yillarda maxsus faoliyat turi sifatida G’arbiy Yevropa va AQShda shakllandi. 80-yil 2-yarmidan Dizaynning faoliyat doirasi kengaydi. Dizaynerlar rassom sezgisi bilan birga ilmiy fanlar (masalan, Materialshunoslik, rangshunoslik va boshqalar) ga tayanadi, ishlab chiqarish jarayoni va sharoitlari, sotsiologiya va boshqa bilimlarga ega bulishi lozim. Dizayn sohasidagi mutaxassislar maxsus oliy o’quv yurtlarida tayyorlanadi. Jumladan, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida ham intererlar va sanoat grafikasi, libos Dizayn bo’yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz