DIVIDEND
DIVIDEND (lotincha dividendum — taqsimlanadigan narsa) — aktsiyadorlar jamiyati foydasidan aktsiya egasiga xar yili beriladigan va uning daromadiga aylangan qismi. Dividend miqdori aktsiyadorlar jamiyatining sof foydasi, aktsiyalar soni va qiymatiga bog’liq. Dividend har yili (soliqlar to’lanib, ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun ajratmalar chiqarilib, zaxiralar to’ldirilgach, obligasiyalar bo’yicha foizlar va direktorlarga beriladigan mukofot haqi to’langandan so’ng) aktsiyadorlarning qo’lidagi aktsiya miqdori va turiga muvofiq taqsimlanadi. Taqsimlanadigan hissa Dividend massasi, aktsiyalar nominali qiymatlariga ko’ra foizlarda ifodalangan daromad esa Dividend stavkasi deb ataladi. Dividend miqdori oddiy aktsiyalar bo’yicha jamiyatning o’sha yilda ko’rgan foydasiga bog’liq. Imtiyozli aktsiyalarning nominal qiymatiga qat’iy foiz stavkasi miqdorida oldindan belgilanadi. Eng yuqori Dividend olinganda ba’zan ularning bir qismi qo’shimcha chiqarilgan bepul aktsiyalar tarzida aktsiyadorlarga to’lanadi. Qo’lida aktsiyalarning asosiy hissasini to’plagan aktsiyadorlar va korporatsiyalar Dividendning eng ko’p qismini oladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz