DIVERTIKUL



DIVERTIKUL (lotincha diverticulum — yon yo’l) — kovak (naysimon) a’zolar devorining bo’rtib chiqishidan hosil bo’lgan xaltum, kovakli bo’rtma. Tug’ma yoki hayotda orttirilgan pulsion va trakiion, ya’ni me’da-ichak sistemasi ichida bosim oshganda va ular devorini tashqi tomondan chandiqlar tortib turganda kuzatiladigan xillari farq qilinadi. Hazm a’zolaridan qizilo’ngach, ichak, me’da, shuningdek, qovuqsa ko’proq, boshqa a’zolarda esa kam uchraydi. Tug’ma Divertikul embrional taraqqiyot nuqsonlariga bog’liq (masalan, ingichka ichak Divertikuli). Kovak a’zo devorining muskul va elastik to’qimasi tuzuk rivojlanmaganda, jarohatlanishdan keyin yupqa tortganda, a’zo bo’shlig’idagi bosim oshganda Divertikul paydo bo’ladi. Divertikul ikki yoki undan ortiq bo’lsa, divertikulyoz deyiladi. Kovak a’zo ichidagi massa (masalan, qizilo’ngachda — ovqat, ichakda — axlat) Divertikuldan chiqib ketishi qiyin bo’lgani uchun ushlanib qolib, ma’lum chegarali yallig’lanish jarayoni, yara paydo bo’lishi mumkin. Kichkina Divertikul hech sezilmaydi (simptomsiz o’tadi). Divertikul katta bo’lsa, biror belgi ko’rinadi, masalan, qizilo’ngach Divertikulida ovqat o’tishi qiyinlashadi, ushlanib qolgan ovqat qusib tashlanadi, bo’yin do’ppayib turadi, qovuq Divertikulida siydik chiqarish qiyinlashadi va hokazolar. Divertikulning yallig’lanishi — divertikulit, qonash, teshilish, yaraga, ba’zan rakka aylanish, shuningdek, ichak tutilishi kabi asoratlarga sabab bo’ladi. Divertikul maxsus (endoskopik, rentgenologik) usullar bilan tekshirib aniqlanadi. Divertikul yallig’lanmagan bo’lsa, konservativ davo, asoratli shakllarida operatsiya qilinadi, Divertikullar ko’p bo’lsa, a’zoning shu qismi kesib olib tashlanadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz