DIVERSIFIKATSIYA



DIVERSIFIKATSIYA (lotincha diversificatio — o’zgarish, xilma-xil taraqqiyot) — korxona (birlashma) larning faoliyati sohalari va ishlab chiqaradigan mahsulotlari turning kengayishi, yangilanib turishi. Diversifikatsiya ishlab chiqarishda yuqori samaradorlikka erishish, iqtisodiy foyda olish, bankrotlikka barham berish va boshqa maqsadlarda amalga oshiriladi. Ilgari bir sohada ixtisoslashgan firmalarning (sanoat, qishloq xo’jalik, transport, moliya va hokazolar) boshqa ishlab chiqarish tarmoqlari, xizmat ko’rsatish sohalariga, birinchi navbatda, yuqori foyda beradigan sohalarga kirib borishi ularning xo’jalik faoliyati sohalari va imkoniyatlarini kengaytiradi. Diversifikatsiya natijasida turli-tuman tovarlar ishlab chiqaradigan, xizmat ko’rsatadigan hamda ilmiy tadqiqot va ishlanmalar bilan band bo’lgan keng tarmoqli, ammo hamisha ham texnologik jihatdan o’zaro bog’lanmagan majmualar (masalan, agrosanoat majmui, o’rmonsanoat majmui) vujudga keladi va bu ishlab chiqarish Diversifikatsiyasi deyiladi. Bundan tashqari uning kredit Diversifikatsiya ko’rinishi ham bor (bunda kredit sifatida beriladigan kapital mablag’lar xavf-xatarni kamaytirish va yuqori foyda olish maqsadida turli-tuman ob’yektlar o’rtasida taqsimlanadi). Bunday Diversifikatsiya tarmoqlararo kapital kontsentrasiyasi jarayoni va korxonalararo ichki beqarorlikning kuchayishi bilan bog’liq. Dunyo mamlakatlarida Diversifikatsiya jarayoni 20-asrning 50-yillari o’rtalaridan rivojlana boshladi. Dastlab AQSh, Yaponiya, G’arbiy Yevropa davlatlarida Diversifikatsiya sanoat, transport, qurilish, moliya sohalarida vujudga keladi. Shu bois Diversifikatsiya xarakteri mazkur davlatlarning ijtimoiyiqtisodiy omillari, shuningdek, boshqa davlatlarga tegishli bo’lgan umumiy omillar (ilmiy-texnika inqilobi, yuqori foyda uchun kurash, raqobat kurashi, texnik taraqqiyotdan qolib ketmaslik va boshqalar) bilan belgilanadi. Diversifikatsiyada firmalar, ayniqsa, monopol firmalar kup tarmoqlilik tusini oladi. Ular avvalo ko’p daromadli, tez rivojlanadigan sohalar (masalan, elektronika, kimyo) da faoliyat boshlaydi. Kompaniyalar mahsulot ishlab chiqarish bilan birga, shu mahsulot uchun zarur bo’lgan xom ashyoni ham o’zlari tayyorlashga kirishadi. Mablag’larni kam daromadli sohadan tejab ko’p foyda beradigan tarmoqlarga sarf etadilar. Masalan, AQSh kontsernlari xizmat ko’rsatish, qurilish, yer maydonlari savdosi, nashr ishlari, savdo-sotiq axboroti, jihozlarni ijaraga berish va boshqalarda faoliyat yuritdi. O’zbekistan xalq xo’jaligida yangi barpo etilgan sanoat korxonalarida asosiy mahsulot turidan tashqari qo’shimcha mahsulotlar, xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgan. Risolat Ishmuratova.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz