DIVERGENTSIYA



DIVERGENTSIYA (lotincha divergere — farqlilik) — 1) biologiyada — evolyutsiya davomida organizm belgilarining farqlanib borishi. “Divergentsiy” tushunchasini Ch. Darvin tabiatda biologik turlardan tortib madaniy o’simliklarning navlari va uy hayvonlari zotlarining paydo bo’lishini izohlash uchun taklif etgan. Divergentsiya mohiyati shundan iboratki, sun’iy tanlash yoki tabiiy tanlanish ta’sirida bir turdan paydo bo’lgan shakllar o’z belgilari bilan bir-biridan hamda o’zining umumiy ajdodlaridan tobora farklanib boradi. Agar tur keng arealni egallab, turli ekologik sharoitlarga moslashadigan bo’lsa, dastlab o’xshash bo’lgan populyatsiyalar o’rtasida biron-bir farqlar paydo bo’lishida ko’rinadigan va tur arealining turli qismlarida tabiiy tanlanishning har xil yo’nalishlari b-n mukarrar shartlangan Divergentsiya yuzaga keladi. Odam turli yo’nalishlarda sun’iy tanlash yo’li bilan o’z ehtiyojini qondirish uchun har xil madaniy o’simlik navlari va uy hayvonlari zotlarini yaratadi. Tabiiy tanlanish ham sun’iy tanlash kabi dastlabki bir tur doirasida xilma-xil shakllar paydo bo’lishiga va tuzilishi, funktsiyasi hamda hayot kechirishi (oziq tanlash va topish yo’llari) dagi tafovutlarning ko’payishiga olib keladi. Divergentsiya oraliq shakllar va dastlabki turning qirilib ketishi bilan birga boradi; 2) matematikada — vektor maydonning tarqalishi. Agar vektor maydonga oqib turgan suyuqlikning tezlik maydoni sifatida qaralsa, Divergentsiya maydon manbalarining R nuqtadagi zichligini ifodalaydi. Divergentsiyaning geometrik ma’nosi quyidagicha: Divergentsiya — berilgan nuqtani o’rab turgan sirt orqali o’tuvchi vektor maydon oqimining shu sirtni tortib turuvchi xajmga nisbati: 3) tilshunoslikda — nutq tovushining tarixiy taraqqiyotiga ko’ra, birdan ortiq tovushga differentsiatsiya qilishidir. Masalan, orqa qator a tovushi taraqqiy etib, chuqur til orqa q, g’, x undoshlari va Lablab sirg’aluvchi v undoshidan avval yondosh qo’llanilgan o’rinlarda o tovushiga aylangan. Qishlaq> qishloq; o’taq > o’toq; shox, tog’, yov kabi. Mazkur undoshlardan keyingi o’rinda esa orqa qator a tovushi holatini saqlagan: qazi, xari, G’ani va hokazolar. Aksi konvergentsiya.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz