DIVAYEV ABUBAKR AHMADJONOVICH
DIVAYEV ABUBAKR AHMADJONOVICH (1855.7.12, Orenburg – 1933.5.2, Toshkent) — turkiyshunos, etnograf, folklorshunos. 1876 yilda Turkiston o’lkasiga tarjimon sifatida yuborilgan. Dastlab, Avliyoota uezdining uchastka nazoratchisi. Sirdaryo oblast general-gubernatori huzurida tarjimon va maxsus topshiriqlar bilan shug’ullanuvchi kichik amaldor. Qozoq tilini o’rgangan. Divayev Turkistonni kezib, o’zbek, qozoq, qoraqalpoq, qirg’iz xalqlarining etnografiyasi, folkloriga oid materiallar to’plagan, ularning ko’pini tarjima qilib, sharhlar bilan nashr ettirgan. Sharq instituti, O’rta Osiyo davlat untini tashkil etishda qatnashdi, shu oliy o’quv yurtlarida o’qituvchilik qildi. Turkiston o’lkasi muzeyida etnografiya va arxeologiya bo’limini boshqardi. Madaniyat yodgorliklarini saqlash, tarix, etnografiya va xalq badiiy ijodini o’rganish sohasida Moskva, Qozon va Toshkentda ish olib borgan davlat va jamoatchilik ilmiy tashkilotlarining faol a’zosi. “Sirdaryo oblasti statistikasi uchun materiallar to’plami” (1 —13-jildlar, 1891 — 1907) ga Divayevning muhim etnografik tadqiqotlari kiritilgan. Divayev “Botirlar” (1922) qahramonlik eposini yaratgan. Divayev asarlari Turkiston xalqlarining moddiy va ma’naviy madaniyatini o’rganishda muhim rol o’ynadi. Ad.: Istoriografiya obtshestvennix nauk v Uzbekistane, T., 1974.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz