DISPROPORTSIYALAR
DISPROPORTSIYALAR — iqtisodiyotga xos bo’lgan mutanosiblik (turli sohalar o’rtasidagi nisbat) larning buzilishi, izdan chiqishi. Disproportsiyalar yuz berganda jami talab bilan taklif, ishlab chiqarish bilan iste’mol, jamg’arma bilan iste’mol, sanoat bilan qishloq xo’jalik, ishlab chiqarish bilan transport, eksport bilan import, pul massasi bilan tovarlar va xizmatlar massasi va boshqalar o’rtasidagi mutanosiblik buziladi. Jami talab va taklifning o’zaro mos tushmasligi Disproportsiyalarni keltirib chiqaruvchi asosiy sabab hisoblanadi. Disproportsiyalar natijasida iqtisodiy tanglik va hatto bo’hronlar paydo bo’lishi mumkin. Disproportsiyalar kelib chiqish sababiga ko’ra iqtisodiy Disproportsiyalar (iqtisodiy sub’yektlarning yakka va tarqoq bo’lishi, ular faoliyatining bozor orqali o’zaro to’la uyg’unlashmaganligi), tabiiy Disproportsiyalar (tabiiy sharoitning qulay kelmasligi, turli ofatlarning bo’lishi, kutilmaganda tabiiy resurslarning yetishmay qolishi), siyosiy Disproportsiyalar (siyosiy beqarorlik tufayli xo’jalik aloqalarining vaqtincha uzilib qolishi, iqtisodiy talafot keltiruvchi urush harakatlarining yuzaga kelishi) mavjud. Disproportsiyalar o’tkinchi xarakterga ega bo’lib, ular muayyan vaqtdagina yuzaga keladi va keyinchalik bartaraf etiladi. Disproportsiyalarning bartaraf etilishi bozor mexanizmi va davlat tomonidan iqtisodiyotning tartiblanishi orqali amalga oshiriladi. Ahmadjon O’lmasov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz