DISPLEY
DISPLEY (inglizcha display — qayta ko’rsatish) — matn yoki grafik ko’rinishdagi ma’lumotlarni elektronnurli asbob ekraniga chiqarish uchun mo’ljallangan qurilma. Monoxrom (bir rangli) va ko’p rangli xillari bo’ladi. Displey bevosita videoadapter qurilmasi boshqaruvi asosida ikki rejimda — matn yoki grafik ko’rinishidagi axborot bilan ishlaydi. Matnli rejimda kompyuter ekrani belgi o’rinlari deb ataladigan 25 qator va 80 ustunga bo’linadi. Grafik rejimda ekran piksel deb nomlanuvchi nuqtalar to’plamidan iborat bo’ladi. Bu nuqtalar soni va rang-baranglik darajasi kompyuterda ishlatilayotgan adapterlarning turiga boglik bo’ladi. Ayni vaqtda EGA (Enhanced Graphic Adapter — imkoniyati keng grafik rejimli adapter), VGA (Video Graphic Adapter — videografik matrisa), SVGA (Super VGA) — turli rangli Displeylar keng tarqalgan. Bu adapterlar yordamida ekranda kupi bilan 256 xil rangli 800×600 gacha bo’lgan nuqtalar hosil qilish mumkin.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz