DISPEPSIYA



DISPEPSIYA (dis… va Yunoncha pepsis — hazm) — ovqat hazm qilishning buzilishi, me’da-ichak foliyatining izdan chiqishi bilan kechadi. Odam ichagining turli bo’limlarida, masalan, ingichka ichakning pastki va yo’g’on ichakning yuqori bo’limida bijg’ituvchi mikroblar, yo’g’on ichakning quyi qismida esa chirituvchi mikroblar ko’p. Sog’lom ichakdagi bijg’ish hamda chirish jarayoni ma’lo’m mo’vozanatda bo’lib, kasal qilmaydi. Ana shu mikroblar o’rtasidagi nisbatning buzilishi Dispepsiyaga sabab bo’ladi. Bolalar Dispepsiyasi ularni noto’g’ri ovqatlantirish natijasida paydo bo’lib, ich ketishi, qayt qilish va umumiy ahvolning yomonlashishi bilan kechadi. Asosan bir yoshgacha bo’lgan bolalarda uchraydi. Dispepsiyaning A, B va V xillari farq qilinadi. A xilida organizm suvsizlanmaydi, B xilida bir oz suvsizlanadi, V xilida esa og’ir suvsizlanish kuzatiladi. Dispepsiya ko’proq oddiy va toksik bo’ladi. Oddiy Dispepsiya hadeb emizaverish (ayniqsa onaning suti mo’l bo’lganida) yoki emizib yurib, birdan sun’iy ovqatlantirishga o’tish, ovqat tarkibining bola yoshiga mos kelmasligi tufayli paydo bo’ladi. Bolani haddan tashqari issiq kiyintirish, o’rab chirmash ham Dispepsiyaga sabab bo’lishi mumkin; issiqlab ketganda suyuqlikka ehtiyoj kuchayadi, bola ko’krakka yopishib olib ema boshlaydi, lekin emgan suti odatdagicha bo’lsa ham, uni hazm qila olmaydi. Bundan tashqari, bolaning me’da-ichak yo’li anatomik funktsional jihatdan hali yaxshi rivojlanmaganligi uchun ovqat hazm qilishi buziladi. Bunda bola emizilgach yoki ovqat berilgach, bir oz vaqtdan keyin emgan sutini yoki egan ovqatini qusib tashlaydi, aksari ichi ketadi. Qorin shishadi, bola bezovtalanib, ishtahasi yo’qoladi. Kasallikning dastlabki belgilari paydo bo’lganda darhol vrachga murojaat etish lozim. Bola Dispepsiyaning A xili bilan og’riganda uni emizaveriladi, B va V xilida esa vrach tegishli doridarmonlarni buyurib, kasalxonaga yotqizishni tavsiya etadi. Toksik Dispepsiya ovqatlanish tartibiga rioya etmaslik va bacterial infektsiya natijasida organizmda moddalar almashinuvining barcha turlari, shuningdek, ko’pgina a’zo va sistemalar faoliyatining jiddiy buzilishlari bilan kechadi. Ko’pincha kasalliklar bilan og’rib madorsizlangan, nimjon bolalarda kuzatiladi. Ba’zan toksik Dispepsiya to’satdan avj oladi, bemorning ahvoli yomonlashadi, bo’shashadi, injiq bo’lib qoladi. Teztez ichi ketadi, vazni tez kamayadi, goho bola hushdan ketadi, qayt qilib, ichi ketganligi bois ko’p suv yo’qotib, organizm suvsizlanib krladi. Bemorning turki o’zgaradi, es-hushi yo’qola boshlaydi, yurak faoliyati susayadi; og’riqni sezmay qo’yadi, terisi bo’zaradi yoki unda qizil doglar paydo bo’ladi. Tomir urishi tezlashadi, arterial bosim tushib ketadi, koma holati kuzatiladi. Toksik Dispepsiya bola hayoti uchun juda xavfli, bunda zudlik bilan tibbiy yordam ko’rsatish zarur. Bolaning ahvoli bir oz yengillashgach, juda kam miqdorda zaruriy parhez ovqatlar yoki oz-oz ona suti yoki bolalar kefiri, qatig’i bera boshlanadi. Keyinchalik ovqat miqdorini oshira borish va bir maromga yetkazish, oradan 6-8 kun o’tgach bolaning ahvolidan kelib chiqib ovqat mikdorini ko’paytirish, shuningdek, antibiotiklar, vitaminlar tavsiya etiladi. Parenteral Dispepsiya, odatda, birorta kasallik (otit, o’tkir respirator kasalliklar, zotiljam) bilan birga kechadi. Dispepsiyaning oldini olish uchun ovkatlanish rejimiga qat’iy rioya qilish, bolaga haddan tashqari ko’p ovqat bermaslik, ovqatiga oz-ozdan meva va sabzavot sharbatlarini qo’shib berish, bolaning issiqlab ketishiga yo’l qo’ymaslik kerak. Katta kishilarda ham me’da va ichak Dispepsiyasi (yog’, oqsil yoki uglevodlar ko’plab iste’mol qilinganda) kuzatilishi mumkin. Hayvonlarda asosan 5-7 kunlik buzoqlar, cho’chqa bolalari (ahyonda qo’zi va qulunlar) kasallanadi. Bo’g’oz mollarni oziqlantirishda va parvarish qilishda zoogigiena qoidalariga rioya qilmaslik, tug’ilgan yosh hayvonning sifatsiz og’iz sutini emishi Dispepsiyaga sabab bo’ladi. Buzoklarda hazm jarayoni buziladi, shirdon va ichaklarda yiringlash ro’y beradi, grammanfiy mikroflora ko’payadi, kuchli ich ketishi yuz beradi. Oddiy Dispepsiyada ich ketsa ham hayvon ishtahasi saqlanadi yoki sal pasayadi, gavda t-rasi normal bo’ladi. Toksik Dispepsiyada esa ishtaha yo’qoladi, yurak faoliyati susayadi, gavda temperaturasi 35° gacha pasayadi, quloq, tumshuq, oyoq va dum soviydi. Davolash: oddiy Dispepsiyada iliq fiziologik eritma ichirilgan holda 6-12 soat och holda parhez qilinadi, dastlabki kunlarda yosh hayvonlarga ichiriladigan sutning sutkalik normasi 35-50% kamaytiriladi, sut berishdan 10-15 minut oldin (sutkada 3-4 marta) buzoq va qulunlarga 500-600 ml dan, qo’zilar va cho’chqa bolalariga 50-100 ml dan iliq fiziologik eritma ichiriladi. Me’daichakdagi bijg’ish jarayonini to’xtatish uchun kasal xayvonga sintomisin, tetrasiklin, ftalazol, levomisin, kolimisin kabi preparatlar beriladi. Teri ostiga, venaga yoki qorin ichiga maxsus tayyorlangan xlorli preparatlar eritmalari yuboriladi. Yurak faoliyatini tiklash uchun glyukoza, kofein yoki kamfora moyi ishlatiladi. Oldini olish: yangi tug’ilgan mollarni sifatli oziqlantirish, bo’g’oz molar va yangi tug’ilgan hayvonlarni boqishda, shuningdek, buzoq, qo’zilar tug’ilishida zooveterinariya qoidalariga amal qilish. Akmal Sultanov. Ahror Ro’zimurodov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz