DISMENOREYA



DISMENOREYA (due… va Yunoncha men — hayz, rhoira — kechish), algomenoreya — hayzning og’riqli kechishi. Dismenoreyada, odatda, qorin pasti, bel va dumg’aza sohasi og’riydi. Og’riq hayzdan oldin yoki uning dastlabki kunlari paydo bo’lib, butun hayz kunlari davomida kuzatiladi. Ba’zan ko’ngil aynishi, qusish, bosh og’rig’i, umumiy ahvolning o’zgarishi hollari kuzatiladi. Dismenoreya birlamchi va ikkilamchi bo’ladi. Birlamchi Dismenoreya jinsiy a’zolarning kasalliklari bilan bog’liq bo’lmaydi, ko’pincha tug’magan ayollarda uchraydi. Ikkilamchi Dismenoreya turli ginekologik kasalliklar (o’sma, endometrioz va boshqalar) ning oqibatidir. Dismenoreya mustaqil kasallik bo’lmay, balki turli kasalliklar, rivojlanish anomaliyalari va boshqalarning belgisi sifatida namoyon bo’ladi. Dismenoreyaning yuzaga kelishida ayniqsa, nerv sistemasining funktsional xususiyatlari va o’zgarishlari, shuningdek, boshdan kechirilgan kasalliklar (infektsiya, zo’riqish, og’ir ruhiy kechinmalar), infantilizm, endokrin buzilishlar muhim rol o’ynaydi. Dismenoreyani davolash uni yuzaga keltirgan omillarni bartaraf etishdan iborat. Birlamchi Dismenoreyada nerv sistemasi faoliyatini tartibga solish, normal hayot tarzi, to’g’ri ovqatlanish, ruhiyatga zararli ta’sirotlarni yo’qotish, turli somatik kasalliklarni davolash lozim. Ikkilamchi Dismenoreyada yallig’lanish kasalliklari, endometrioz va boshqalarni davolashga e’tibor berish kerak.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz