DIRIJABL
DIRIJABL (Fransuzcha dirigeable — boshqariluvchi) — havodan yengil uchish apparati; boshqariladigan aerostat; korpusiga to’ldirilgan gaz (geliy yoki vodorod) ning ko’tarish kuchi hisobiga balandlaydi. Asosiy qismlari: korpus, qanot, stabilizator, boshqarish rullari, odamlar o’tiradigan va dvigatellar o’rnatiladigan qismi — gondola. Dirijablga bir yoki bir necha vintli dvigatel o’rnatiladi. Dirijablning yumshoq, yarim qattiq turlari bo’ladi. Dirijabl korpusi pishiq matodan qilinadi, ba’zilarining qorin tomoniga metall ferma ham o’rnatiladi. Dirijablni balandlatish uchun ballast (ortiqcha yuk)ning bir qismi tashlanadi, pastlatish uchun gazning bir qismi chiqarib yuboriladi. Dirijablning tezligi 100-135 km/soat dan oshmaydi, hajmi — 200 ming m3gacha. Dirijabllar borish qiyin bo’lgan, aerodromlar yo’q joylarga yuk va yo’lovchilar tashishda, suv osti kemalarini qidirishda qo’llanilgan. Frantsuz ixtirochisi A. Jiffar bug dvigatelli boshqariladigan aerostatda birinchi bo’lib parvoz qilgan (1852). Dirijabldan asosan 20-asr 50-yillarigacha foydalanilgan. 70-yillarda qisman tiklangan (masalan, GFR, Frantsiyada). Hozir Dirijabl o’rniga vertolyot ishlatilmoqda.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz