DIPOL
DIPOL (Di… va Yunoncha polos — qutb) 1) elektr Dipol — bir-biridan masofada joylashgan miqdor jihatdan o’zaro teng va turli ishorali ikki nuqtaviy zaryad +q va —q dan tashkil topgan sistema. Tashqi elektrostatik maydon ta’siri bo’lmagan holda, molekula tarkibidagi musbat va manfiy zaryadlarning og’irlik markazlari bir-biriga nisbatan ma’lum masofaga siljigan bo’lsa, bunday molekulaga elektr Dipol deb qarash mumkin. Bu esa tashqi elektr maydonga joylashtirilgan dielektriklarda sodir bo’layotgan fizik jarayonlarni tushunishda katta qulayliklar yaratadi; 2) magnit Dipol — aylanma tokka va magnit xususiyatiga ega bo’lgan jism. Ma’lumki, har qanday jism atomlardan tashkil topgan. Atomlar tarkibidagi elektronlar yopiq orbita bo’yicha juda katta tezlik bilan harakatlanib, aylanma toklarni vujudga keltiradi. Aylanma tokning musbat yoki shimoliy qutbi deb konturdan magnit induktsiya vektorining chiqish tomoni, unga teskari tomoni esa manfiy yoki Janubiy qutbi deb ataladi. Agar biror jiemdagi elektronlarning orbitadagi harakati tufayli vujudga kelgan aylanma toklar o’zaro ma’lum tartibda joylashib, ularning magnit maydonlari bir-birlarini kuchaytirib yuborsa, bunday jism magnit xususiyatiga ega bo’ladi. Shuning uchun istagan magnitni qator katta va kichik bo’lakchalarga ajratib yuborilganda ham, har bir bo’lakcha shimol va Janub qutbga ega bo’lib, magnitlik xususiyatini saqlab qoladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz