DIPLOMATIK MUNOSABAT



DIPLOMATIK MUNOSABAT – xalqaro huquq me’yorlariga va xalqaro muloqot tajribasiga ko’ra davlatlar o’rtasida rasmiy munosabatlarni yuritishning asosiy shakli. Diplomatik munosabatlar davlatlar o’rtasida do’stona aloqalarni rivojlantirishga, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlab turishga ko’maklashishi zarur. Diplomatik munosabatlar tugrisidagi 1961 yil Vena konventsiyasiga binoan davlatlararo Diplomatik munosabatlar o’zaro kelishuv asosida yo’lga qo’yiladi. Diplomatik munosabatlarni o’rnatishda odatda biron-bir davlat va uning hukumatining boshqa bir davlat tomonidan defakto yoxud deyure tan olinishi dastlabki qadam hisoblanadi. Diplomatik munosabatlar manfaatdor davlatlar vakillari bilan bevosita yoki bilvosita, uchinchi bir davlat diplomatik vakillari bilan muzokara yuritish natijasida o’rnatiladi hamda davlatlar va hukumatlarning boshliqlari, tashqi ishlar vazirlari, maxsus vakolatli shaxslarning o’zaro maktub, telegramma va xatlar ayirboshlashi tarzida rasmiylashtiriladi. Tomonlar Diplomatik munosabatlar o’rnatilishi fakti haqida, diplomatik vakilliklar darajasi (elchixona yoki missiya), bitimning kuchga kirish sanasi, uni e’lon qilish muddati va tartibi to’g’risida ham o’zaro kelishib oladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz