DINAMIKA
DINAMIKA (musiqada) – 1) muayyan asarning nota yozuvida va bevosita uni ijro etishda tovushlar sadolanishi kuchi (baland-pastligi) ning o’zgaruvchanligi; 2) shu o’zgaruvchanlikni ifodalovchi belgilar majmui; 3) mazkur jarayonni o’rganuvchi ta’limot. Dinamika musiqiy ifodaning muhim vositalaridan bo’lib, xalq va professional ijod va ijrochilikda qadimdan qo’llanilib kelingan. Dinamika atamasi ilk bor shveytsar musiqa o’qituvchisi X. Negeli tomonidan (1810) joriy etilgan degan taxmin bor. Dinamikaning eng aniq, ya’ni kuchli, baland — forte, fortissimo; kuchsiz, past, sekin — piano, pianissimo (r, RR) va b. turlari qo’llaniladi. Shu bilan birga, muayyan Dinamikadan boshqasiga asta-sekin o’tib boruvchi (sadoning kuchayishi — crescendo, sadoning pasayishi — diminuendo, va boshqalar) turlari ham joriy etiladi. Ijodiy amaliyotda butun bir asarni muayyan Dinamika xususiyatlariga izchil tayanib yaratish misollari uchrab turadi. Masalan, O. Lassonit “aks sado” xori “r” larning qarama-qarshiligiga, M. Ravelning “Bolero” simfonik manzarasi sadolanishining “RR”dan izchil kuchayishi, ya’ni Dinamikaning asta-sekin orta borishi va crescendo orqali o’z avjiga ko’tarilishiga asoslangan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz