DIN



DIN (Arabcha — e’tiqod, ishonch, itoat) — Xudo yoki xudolar, g’ayritabiiy kuchlar mavjudligiga ishonish. Din muayyan ta’limotlar, his-tuyg’ular, toat-ibodatlar va diniy tashkilotlarning faoliyatlari orqali namoyon bo’ladigan, olam, hayot yaratilishini tasavvur qilishning alohida tarzi, uni idrok etishning o’ziga xos usuli. Dinning paydo bo’lishi haqida yagona fikr yo’q. Islom dini ta’limotiga ko’ra, Din — Alloh tomonidan o’z payg’ambarlari orqali bashariyat olamiga joriy etilajagi zarur bo’lgan ilohiy qonunlardir. Tabiat va insonni yaratgan, ayni vaqtda insonga to’g’ri, haqiqiy hayot yo’lini ko’rsatadigan va o’rgatadigan ilohiy qudratga ishonchni ifoda etadigan ta’limotdir. Din dunyo, inson, mavjudotlarning kelib chiqishi, insonning yashashdan maqsadi kabi savollarga o’zicha javob beradi. Dunyoviy ilm nuqtai nazaridan Din kishilik jamiyati tarixiy taraqqiyotining ma’lum bosqichida paydo bo’lgan ijtimoiy ong shakllaridan biri. Bu dunyoqarash jamiyatning ma’lum tarixiy davr va sharoitlaridagi talablari, ehtiyojlari asosida shakllanadi. Ulug’ mutafakkir Abu Nasr Forobiy Dinga falsafa bilan bir qatorda haqiqatga yetishishning 2 mustaqil usulidan biri sifatida qaragan. Forobiyning fikricha, falsafadagi masalalar isbotini payg’ambarlar ramzlar shaklida bayon qilganlar. Dinga turlicha yondoshishni Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyomning ijtimoiy-falsafiy qarashlarida, Ibn Rushdning ikki haqiqat nazariyasida kuzatish mumkin. 18-asr frantsuz faylasuflarining Dinga bo’lgan o’ziga xos yondashuvlari, 19-asrda mifologik maktab (aka-uka Ya. Grim va V. Grim, M. Myuller), antropologik maktab (L. Feyerbax) va boshqa turli yo’nalishlar paydo bo’lgan bo’lsa, 20-asrda Dinni tadqiq qilish yuzasidan yana boshqacha qarash va nazariyalar (K. Yung, E. Dyurkxeym) vujudga keldi. Dinning nima ekanligi turlicha izohlansada, umuman olganda Din — ishonmoqlik tuyg’usidir. Bunday tuyg’usi bo’lmagan xalq yo’q. Chunki biron-bir xalq Dinsiz, e’tiqodsiz, biron-bir narsaga ishonchsiz yashay olmaydi. Din insoniyatning eng teran, eng go’zal ma’naviy-ruhiy ehtiyojlaridan biridir. Insoniyat tarixida Din turli shakllarda namoyon bo’lgan. Dinning dastlabki ko’rinishlari fetishizm, totemizm, animizm, sehrgarlik va boshqalardir. Shuningdek, urug’-qabila Dinlari, milliy Dinlar (iudaizm, hinduiylik, sintoizm, daosizm, Konfutsiychilik), jahon Dinlari (buddizm, xristianlik, Islom) vujudga kelgan. Din avvaliga ko’pxudolik (politeistik), so’ngra yakkaxudolik (monoteistik) ko’rinishida bo’lgan. Har bir Din diniy dunyoqarash, diniy marosim, diniy tuyg’u va sig’inish ob’yektlarini o’z ichiga oladi. Har qanday jamiyatda Din ma’lum ijtimoiy, ma’naviy va ruhiy vazifalarni bajaradi. Uning ijtimoiy hayotga ta’siri kuchlidir. Har bir Din dindorlarini o’z ta’limoti doirasida saklashga harakat qiladi, o’z qavmlari uchun tasalli beruvchi, ovutuvchilik vazifasini o’taydi. Dinlar o’z marosim va bayramlarining qavmlari tomonidan qatiy tartibga amal qilgan holda bajarilishini shart qilib qo’yadi, shuningdek, o’z qavmlarining birligini, jamiyat va shaxsning o’zaro aloqada bo’lishini ta’minlashga intiladi. Din insonga yashashdan maqsad, hayot mazmuni, bu dunyo va u dunyo masalalariga o’z munosabatini bildirib turadi. U umuminsoniy axloq me’yorlarini o’ziga singdirib, xulq-atvor qoidasiga aylantiradi. Madaniyat rivojiga katta ta’sir ko’rsatib, umuminsoniy va milliy qadriyatlarni saqlab qolish va avloddan-avlodga yetkazish ishiga yordam beradi. D.in insonning ishonchli hamrohi, odamzot hayotining bir qismi bo’lib kelgan. Unga turli davrda turlicha munosabatda bo’lingan. Dinni jamiyatning hukmron kuchlari davlat siyosati darajasiga ko’targan yoki Din hamda dindorlarni ayovsiz ta’qib ostiga olgan hollar tarixda ko’p uchraydi. Yaqin o’tmishda — sho’rolar davrida Dinni kamsitish va unga qarshi kurash siyosati olib borildi. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, Din madaniy-ma’naviy omillar umumiy silsilasiga kiruvchi teng huquqli qadriyat sifatida tan olindi va Dinga to’la erkinlik berildi. Diniy jamoalar, tashkilotlarga qonun doirasida ochiq va daxlsiz faoliyat ko’rsatish imkoniyati yaratildi. O’zbekiston aholisining asosiy qismi Islom diniga, yevropalik aholi xristianlikning pravoslavie mazhabiga e’tiqod qiladi. Ular bilan bir qatorda katolik, protestant, boshqa mazhab (jami 15 dan ortiq konfessiya) vakillari yashaydi. Ular Vatan mustaqilligini mustahkamlash, siyosiyijtimoiy barqarorlikni ta’minlash yo’lida faoliyat yuritmoqdalar. O’zbekiston dunyoviy davlat bo’lib, Din davlatdan ajratilgan. Vijdon erkinligining kafolatlari O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, “vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunda (1998) bayon etilgan. O’zbekistonda Din va diniy dunyoqarash dunyoviy turmush tarzi, dunyoviy fikr bilan yonma-yon rivojlanib kelmoqda. Shoista Shoabdurahimova, Muhammadjon Qodirov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz