DIMORFIZM
DIMORFIZM (Di… va Yunoncha morphe — shakl) — bir turga mansub organizmlarda morfo-fiziologik belgilari bilan bir-biridan keskin farq qiladigan shakllarning mavjud bo’lishi. Dimorfizm mavsumiy, jinsiy va ekologik bo’ladi. Mavsumiy Dimorfizm — bir turga mansub individlarning bir-biridan mavsumiy farq qilishidir. Masalan, ola qanotli kapalak tuxumlaridan bahorda qanotlari 28-32 millimetr bo’lgan qizg’ishsariq, yozda esa qanotlari 30-35 millimetr bo’lgan qora-jigarrang kapalaklar chikali. Jinsiy Dimorfizm hayvonlar orasida keng tarqalgan, masalan, erkaklari bilan urg’ochilarining katta-kichikligi, rangi, tashqi ko’rinishida farq bo’ladi (tovuq bilan xo’roz). Ekologik Dimorfizm — yashash sharoitiga binoan yuz beradigan o’zgarishlar. Dimorfizm nasl almashinishida ham kuzatiladi. Masalan, salplarning yakka va koloniya bo’lib yashaydigan shakllari, parazit chuvalchanglarning jinsiy va jinssiz nasllari bo’ladi. O’simliklarda bir tur individlari orasida tashqi ko’rinishi bilan farq qiladigan individlar uchraydi. Masalan, nasha o’simligida changchili va urug’chili to’pgullar har xil tuzilgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz