Dilfuza Rahmatullayeva. Umr — imtihondir



Aktyor Xayrulla Sa’diev hayoti va ijodiga bir nazar

G‘afur G‘ulomning «Shum bola» asari asosidagi spektaklda yaratgan «Shum bola» obrazi Xayrulla Sa’dievni elga tanitdi, mashhur qildi. Jingalak sochlari o‘ziga juda yarashadigan, chaqqon, harakatchan bu aktyorning bugungi kunda yetmishdan oshganiga ko‘pchilik ishonmasa ham kerak...

...Xayrulla Sa’dievning san’atga kirib kelishi g‘alati kechdi. 1958 yili maktabni bitirdiyu onasining muhandis bo‘lasan, degan istagiga ko‘ra, To‘qimachilik va yengil sanoat institutiga hujjat topshirdi. Tayyorlov bo‘limi mashg‘ulotlariga ikki marta bordiyu, bu uning joyi emasligini tushundi. Hatto imtihonga borishni ham istamadi. Hujjatlarini qaytarib oldi. Amakivachchasi G‘ayrat Ubaydullaevga ergashib, aviatsiya zavodiga duradgor bo‘lib ishga joylashdi. Kelgusi yili esa amakisining maktabni bitirayotgan o‘g‘li Lutfullaga ko‘nglini yozdi. Qarang-ki, fikrlari bir yerdan chiqdi. Ular kelishib, hech kimga bildirmay, san’at institutiga hujjat topshirishga ahdlashishdi.

«San’atga ishtiyoqim judayam baland. Lutfulla bilan teatr institutini uch kun qidirdik, topa olmadik, birovdan so‘rashga uyalamiz. Har gal turli tomondan kelib, ozgina masofa qolganda qaytib ketar ekanmiz. To‘rtinchi kun deganda institutni topdik, «teatr va kino aktyori» bo‘limiga hujjat topshirdik. U yerda uch turdan iborat imtihonlar topshirilar ekan. Biz imtihonga tayyorlanmaganmiz, hech kim bizga o‘rgatmagan. Maktab sahnasida Mo‘min Mirzo rolini o‘ynagan edim, uning monologini o‘qib berdim. Bir tomonga qarab o‘qiganim bois ovozim chetga ketibdimi, har qalay, ovozi yo‘q ekan deya, Iosif Radun menga past baho qo‘ygan. Shunday qilib, birinchi turdanoq ikkalamiz ham yiqildik.

Lekin hech institutdan ketolmayman. Boshqalar imtihonlarga kirib ketadi, men ularni kuzatib o‘tiraveraman. Shunday kunlarning birida imtihon o‘tayotgan xonaga kirib ketayotgan bir o‘qituvchi ayol menga qarab tikilib qoldi, salom berdim. Biroz qarab turib, “Sen Habibning o‘g‘limasmisan?”, deb qoldilar. “Ha» javobini berdim. Yuzlari yashnab ketdi, «oynonay sendan», deya bag‘irlariga bosdilar. Hammasini so‘rab surishtirdilar-u, xonaga kirib ketdilar.

Bu ayol O‘zbekiston xalq artisti Nazira Alieva bo‘lib, sahna nutqidan dars berarkanlar. Keyinchalik eshitdimki, aynan Nazira opaning tavsiyalariga ko‘ra meni rezerv guruhiga qabul qilishibdi. Uyga kelib, eshitganimni eshitdim. Otam 36 yoshda gastrol safarida shamollash oqibatida olamdan o‘tganlar. Onam “Bir artistdan bo‘lganimcha bo‘lganman”, — deya rosa koyidilar”.

U tirishib o‘qiy boshladi. Ertadan kechgacha institutda qolib ketadi. Tinim bilmaydi, qilichbozlik, gimnastika, voleybol to‘garaklarining bariga boradi. Nima qilib bo‘lsa-da, talabalikka qabul qilinishi lozim.

Birinchi kurs tugab, hamma fanlarni «a’lo»ga topshirgan Xayrullani talabalikka qabul qilishdi-yu, u dastlabki stipendiyasini oldi. O‘sha kungi shodligi... Do‘kondan onasiga ro‘mol xarid qildi. Ona ro‘molni titroq qo‘llari ila olarkan, farzandining peshonasidan o‘pdi, o‘g‘li tanlagan yo‘ldan qaytara olmaganiga ichidan o‘kinsa-da, unga oq fotiha berishdan o‘zga chorasi qolmaganini sezdi.

Qudrat Xo‘jaev, Anatoliy Zuhurov, Mark Aronov, Toshxo‘ja Xo‘jaevlar kursidagi ta’lim beiz ketmadi. U talabalik davridayoq Hamza nomidagi akademik drama teatri sahnasiga chiqdi. Dastlab ommaviy sahnalarda qatnashdi, so‘ng rejissyor Anatoliy Zuhurov sahnalashtirgan F.Xo‘jaevning «Bulutlar tarqalsa» asarida Bek ismli bola obrazini yaratdi. Rixsi Ibrohimova, Turg‘un Xonto‘raev, Po‘lat Saidqosimovlar bilan sherik bo‘lib o‘ynash uning yo‘nalishini belgilab berdi.

“O‘qish tugadi. Hammamizni turli teatrlarga bo‘lib yuborishlari lozim. Men otam ishlagan teatrga boraman, u chiqqan sahnada o‘ynayman, deb niyat qilardim. Lekin ustozim To‘la aka kursimizdagi Ra’no Madrahimova ikkimizga “Yosh tomoshabinlar teatriga borasizlar, sizlarning joyingiz o‘sha teatrda”, — deb qoldilar.

Ra’no bilan birinchi kursdan birga o‘qiymizu, biroq “it-mushukmiz”. Bunga nafaqat fe’limiz, balki tarbiya topgan muhitimiz ham sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak. Ziyolilar oilasida katta bo‘lgan bo‘lsam-da, men eski shaharning tarbiyasini ko‘rgan sho‘x bolaman, Ra’no rahbarlar xonadonida tarbiya topib, rus maktabida ta’lim olgan qiz.

Ustozning so‘zlarini ikki qilmadim-u, lekin nega Hamza teatriga bormayapman, degan o‘y xayolimdan o‘tdi. Chunki dadam chiqqan sahnada o‘ynash mening bosh maqsadim edi... Bizni imtihon qilishib, teatrga ishga qabul qilishdi. Ommaviy sahnalarda chiqa boshladim. Uch-to‘rt oy ichida teatrga ancha kirishib ketdim. «Ali bobo va qirq qaroqchi» ertagida xizmatkor habash bola rolini o‘ynadim.

Bir necha oydan so‘ng armiyaga chaqiruv qog‘ozi oldim. U vaqtlarda oliy ma’lumotlilar bir yil xizmat qilardi. Soddalik ekan, men ikki yil xizmat qildim. Bunga esa...

Bir podpolkovnik hujjatlarim bilan tanishib, ovoz chiqarib o‘qiy boshladi: “Ma’lumoti o‘rta, “Teatr va rassomlik instituti”ni bitirgan”. U “Demak, ma’lumotingiz o‘rta” deya, qog‘ozga allanimalarni yoza boshladi va meni qurilish bataloniga taqsimlash haqida qaror berdi. Men: «Oliy ma’lumotliman, o‘zingiz o‘qiganingizdek, Teatr va rassomlik institutini tugallaganman», deyishni bilmabman. Shunday qilib, Navoiy shahri qurilishlarida ikki yil ishladim”.

Ikki yil ham o‘tdi. X.Sa’diev armiyadan keldi-yu, teatri bag‘riga singib ketdi. Ustozlari ko‘magida turli xarakterdagi obrazlarni o‘ynay boshladi. Afandixon Ismoilov, Karim Xonkeldiev, Ibrohim Ahmedov, Manzura Hamidova, Badal Nurmuhamedov, Obid Tolipov, Vohid Qodirov, Muhabbat Yo‘ldosheva... Ularning har biri u uchun ibrat. Ularning har bir qadamini kuzatdi, ulardan o‘rgandi. Ayniqsa, Vohid Qodirovning yosh aktyorga mehri bo‘lakcha edi.

Ustozlarining mehri, o‘zining harakatchanligi sabab asta-sekin bosh qahramonlar obrazlarini unga topshira boshlashdi. Yonida do‘sti Ra’no. Birga o‘qishmaganmi, turli vaziyatlarda ikkalasi bir-birini yolg‘izlatib qo‘ymaydi. Mana shu «birgalik» ularni ancha yaqinlashtirardi. Ra’noga kursdagi qator yigitlarning ko‘ngli borligini Xayrulla bilardi, lekin qiz...

1966 yil 26 aprel. Erta tong. Yerning kuchli silkinishi sabab, shiftdan to‘kilayotgan shuvoqdan uyg‘onib ketdi. Onasi, yonida ukasi... Hammalari hovliga chopib chiqishdi.

“Endigina tong yorisha boshlagan. Xayolimga kelgan birinchi fikr “Ra’nodan xabar olish” bo‘ldi. Apil-tapil kiyinib ko‘chaga otlandim. Deyarli yugurib ketyapman. Ana Ra’no turadigan uy. Yetib bordim-u, qo‘ng‘iroq bosishga ham zarurat bo‘lmadi. Eshik ochiq ekan. Hamma hovlida o‘tiribdi. Meni ko‘rib Ra’noning ko‘zlari porlab ketdi. «Kim mendan birinchi bo‘lib xabar olsa, o‘shanga turmushga chiqaman, deb o‘tirgan edim», dedi. Gapidan birgalashib kuldik. Bilmadim, shu sinov sababmi yo taqdirmi, shu yil to‘yimiz bo‘ldi».

Ularning hayotlarida go‘zal va mahzun lahzalar boshlandi. Baxt qo‘shaloq keladi, deganlari rost ekan. Teatrda ham unga ketma-ket bosh rollarni topshira boshlashdi: «Qor malikasi»da Key, «Ali-Vali»da Ali, «Suqatoy-Konfetvoy»da Konfetvoy, «Qovoqvoy va Chanoqvoy»da Qovun... Yosh tomoshabinlar qalbiga juda yaqin ushbu obrazlar uning hayoti mazmuniga aylanib borar, u ertangi kun shavqi ila yashay boshlagandi. Ayniqsa, yaqinlari bilan birga sahnaga chiqish unga huzur bag‘ishlardi. Axir, yonida ukasiday aziz Lutfulla, suyukli yori Ra’no. Xususan, «Semurg‘», «Ali-Vali», «Suqatoy-Konfetvoy»da hammalari birga sahnaga chiqishadi. Ular bir-birlariga mehr ko‘rsatishdan uyalishmaydi.

“Hayot bir maromda davom etardi. Teatr bizga uy berdi. Chilonzorga ko‘chib o‘tdik. Qo‘g‘irchoq teatriga Ra’no ikkalamizni birga chaqirishdi. U yerda biz asosan qahramonlarga ovoz beramiz, bizning ovozimiz ila spektakl o‘ynaladi. Ra’no o‘ziga juda talabchan, o‘z ustida ko‘proq ishlagisi keladi, ishlaridan ko‘ngli to‘lmaydi, yana o‘qigisi bor. Ko‘p o‘tmay, rejissyorlik kursiga kirib o‘qishni davom ettirishga qaror qildi”.

Ra’no Xayrulla uchun birinchi tanqidchi ham edi. Ular nafaqat teatrda, shuningdek uyda ham bahsni davom ettirishar, o‘g‘illari Sardor ham ularning harakatlarini kuzatib zavqlanardi. «Revizor»da Xlestakov, «Mushketyorlar»da D`Artanyan, “Shum bola”da... 1963 yilida Ganja Yoqubov televidenieda G‘afur G‘ulom asari asosida “Shum bola”ni qo‘yishga kirishdi. Bosh qahramon obraziga juda katta tanlov bo‘ldi. Shum bola roliga Xayrullani, Omon roliga Lutfulla Sa’dievni, Boy roliga Vohid Qodirovni tasdiqlashdi. Spektakl katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. U ijod ila sarmast, yangi-yangi qahramonlar obrazi bilan yonib, tanilib, e’tibordan ko‘ksi osmon qadar ko‘tarilib yurgan kezlarda hayotidagi eng katta yo‘qotishlardan biri sodir bo‘ldi. Og‘ir kasallik yonidagi suyanchig‘i, yagona farzandining onasini hayotdan juda erta olib ketdi.

“Ra’noni butun oila yaxshi ko‘rardi. Uning o‘limi... Men hayot tugadi, deb o‘yladim. Hamma narsa behuda... Ko‘zimga hech narsa ko‘rinmay qoldi. “Jigarlar, qarindosh-urug‘lar o‘z yo‘liga ekan-u, yoningda do‘sting bo‘lsa... Yaxshiyam yonimda Tohir bor. Tohir Mahramov qo‘g‘irchoq teatri aktyori, respublikada xizmat ko‘rsatgan artist edi. «Xayrulla, peshonang ekan, bu bir sinov. Yaxshi kunlaring ko‘p bo‘ldi”, deb sabrli bo‘lishga chaqirdi. Yonimdan jilgisi kelmaydi. Eng og‘ir damlarda ham tushkunlikka tushmasligim uchun tirishdi. Hamma vaqt ko‘nglimni so‘zsiz to‘g‘ri anglardi”.

Do‘stlari daldasi, ko‘nglidagi ishi uni asradi. Rollari bilan ovundi. Shunday kunlarda hayotiga Malika kirib kela boshladi.

“Malika Ra’noning dugonasiga singil ekan. Ta’ziyada keldi. Keyin bizdan xabar olib turdi. Uning Iftixor ismli o‘g‘li mening Sardorim bilan do‘stlashib ketdi. Shu ham bir bahona bo‘ldimi, turmush qurdik. Oilada E’zoza dunyoga keldi. Hayotim yana o‘z o‘zaniga tusha boshladi”.

1986 yili Toshkentda Satira teatrini ochishga kirishildi. Bu ko‘p narsaga qiziquvchan Xayrullaning ko‘nglidagi orzularini amalga oshirish uchun katta imkoniyat degani. Zero, quvnoq, harakatli, kuy va qo‘shiqqa boy rollarni ijro qilgisi, imkoniyatlarini ko‘proq namoyon etgisi bor uning. Shuning uchun uni shu teatrga taklif etishganda hech ikkilanib o‘tirmadi.

“Teatrda Mavlon Xo‘jaev direktor, Nosir Otabov rejissyor sifatida ish boshladi. Meni taklif etishdi. Uchalamiz aktyor tanlashdan, orkestrni shakllantirishgacha bo‘lgan yo‘lni birgalikda bosib o‘tdik. O‘tgan yillar mobaynida ko‘plab spektakllar sahna yuzini ko‘rdi. Dastlab Sharq klubida faoliyat boshladik. Biroq, o‘z sahnamiz yo‘qligi sabab ko‘pincha gastrollarda yuramiz”.

Aktyor muammolar haqida gapirishni boshlaydi-yu, biroq ulardan o‘kinmaydi. Balki ular jamoani toblayotgani, birlashtirayotganidan mamnun ekanini aytadi. Xursand bo‘laman. U kinoda, televidenieda ham qator obrazlar yaratdi.

“Kinoga 70-yillarda kirib keldim. Uchqun Nazarovning “Shiddat” filmida Mamat, “Akmalning sarguzashti”da yuzdan oshgan chol, “Arslonning sarguzashtlarida” Och, “Kulol va xurmacha”da choyxonachi, “To‘ylar muborak”da kuyov jo‘ra obrazlarini yaratdim. Kino ham yangicha bir olam.

“To‘ylar muborak” filmini suratga olayapmiz. Yo‘qolgan kuyovni suv ostidan qidirish epizodi bor. Kadr Beshyog‘ochdagi ko‘lda suratga olinyapti. Oktyabr oyi, havo sovuq. Kuyov jo‘ra rolidaman. Juda po‘rim kiyinganman. Oyog‘imda platforma tufli. Syujetga ko‘ra qayiq birdan qalqib, men suvga yiqilishim, undan chiqib o‘sha siz biladigan mashhur iborani: «Mashitdan uzu-un, shalpangquloq, ovsar o‘lik chiqmadimi», deyishim lozim. Bu kadr bir necha bor suratga olindi. Rejissyor yana bir dublga ko‘rsatma berdi. Sovuq o‘z kuchini ko‘rsatdimi, oyog‘imdagi platforma tuflining og‘irligi oshib ketdimi, uchinchi dubldan so‘ng qani endi suvdan chiqa olsam, cho‘ka boshladim. Haytovur suratga olayotganlar buni o‘z vaqtida sezib qolishdi...

Bundan bir necha yil ilgari «Munavvar tong» ko‘rsatuviga taklif qilishdi. Navro‘zning ertasi. S’yomka boshlandi. Bilyapman, mazam qochyapti. Teleoperatorga qarab, “G‘aybullajon, mazam qochayapti, tugataylik”, dedim. Yana ikki daqiqa, shu bilan tugatamiz, — dedi u. Birdan yiqildim. Shu yotgancha 3 oy deganda oyoqqa turdim”.

Tezroq turgisi, sevgan kasbiga qaytgisi kelardi uning. Lekin shifokorlar rol o‘ynashga ruxsat berishmadi. Ammo u nima qilib bo‘lsa-da, o‘z ishiga qaytishni istardi. Aynan ko‘nglini sezganday uni yangi suratga olinayotgan «Balandlik» filmiga taklif etishdi. Suratga olish jarayonlari murakkab sharoitda kechganiga qaramay, aktyor chidam va bardosh bilan ishladi, qiyinchiliklardan cho‘chimadi.

Aktyordagi bu kabi bardosh va chidam unga onasidan o‘tgan. Juda erta beva qolgan ayol farzandlarini ham mehnatdan qochmaslikka, birovning haqiga xiyonat qilmaslikka, muhimi, halollikka o‘rgatdi.

“Luqmani halollab yeyish, yirtiq bo‘lsa-da, ozoda yurish onamning birdan-bir talablari edi. Onamning o‘gitlari nechog‘li to‘g‘riligini hayot ham tasdiqladi. Bil’aks birovning dilini ranjitishdan, haqini yeyishdan, hasadgo‘ylikdan yomon narsa yo‘q ekan hayotda. To‘g‘ri, hayotimda bir necha bor hasadgo‘ylar bilan to‘qnashdim. Lekin ularga g‘arazgo‘ylik bilan javob qaytarmadim. Dilimni og‘ritishganda ham indamay ketaverdim. Shunday holatlarda kechasi bilan uxlamay, o‘zim bilan o‘zim savol-javob qilib chiqardim. Hamma narsani ichimga yutaveribman... To‘g‘ri, atrofimdagilardan ko‘p narsani o‘rgandim. Ergash Masafoevni hamma og‘ir rejissyor deydi. Men undan chidamni o‘rgandim. Birovning ko‘nglini ranjitishdan osoni yo‘q, biroq odamlarning ko‘nglini olishdan qiyini yo‘q ekan. Nima uchundir so‘nggi paytlarda odamlarning qahri qattiq bo‘lib ketyapti. Mehr-oqibat susayganday. Xudoga shukur qilaman, men katta bo‘lgan oilada mehr-oqibat katta. Hech kimning ko‘nglini, dilini ranjitishganini eslay olmayman.

Aktyor o‘yga toladi. Undan orzularini so‘rayman.

“Hozir San’at institutida dars beraman. Qani endi, professional rejissyorlar yaxshi filmlarni suratga olib, menbop rollarga taklif etishsa, jon deb o‘ynardim”.

Dilfuza Rahmatullaeva,

san’atshunoslik fanlari doktori

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 6-sonidan olindi.



Uzpedia.uz