DIKTOR



DIKTOR (lotincha dictor — so’zlovchi) — radio va televideniyeda mikrofon oldida, telekamera qarshisida tayyor matnni o’quvchi shaxs. Diktor xushovoz bo’lishi, diktsiyasi kuchli va til normalarini puxta bilishi zarur. Diktorlikka nutqi, ovozi, qobiliyatiga qarab tanlov yo’li bilan qabul qilinadi. O’zbekistonda Diktorlik kasb sifatida 1924 yil ajralib chiqdi va rivoj topa boshladi. Diktorlik san’atining takomillashuvi va tajribaning oshib borishi natijasida Diktor ijrosining xarakteri (og’zaki nutqqa yaqinlashuv, gapirishda katta erkinlik, dadillik va boshqalar) ham o’zgara bordi. Mustaqillikdan so’ng O’zbekistonda Diktorlik san’ati alohida tus oldi. Diktorlarning matnga qaramay erkin, shu bilan birga juda chiroyli va ravon tilda gapirishi ko’zga tashlanadi. Hozirda turli mavzudagi eshittirishlarni Diktorlar bilan bir qatorda jurnalistlar va boshqa kasb egalari ham juda qiziqarli va har biri o’ziga xos tarzda olib bormoqdalar. Mirqodir Maqsumov, Tuyg’unoy Yunusxo’jaeva, O’ktam Jobirov, Nasiba Ibrohimova, Nasiba Qambarova, Galina Melnikova, Rahmatilla Mirzaev, Bahri Soatqulova, Ra’no Jo’raeva, Qodir Tojiev, Mirzohid Rahimov kabi Diktorlar tanilgan. Kinoda — film matnini o’qib, voqeani sharxlovchi kishi. Odatda, ekranda ko’rinmaydi, faqat nutqi kinotasmaga yozib olinadi. Ko’pincha muallif matni Diktorga ishonib topshiriladi. Ba’zan kinooperator, rejissyor, stsenariy muallifining o’zi ham Diktorlik qiladi (“Tojixon bilan uchrashuvlar”, “Toshkentda bir qiz yashaydi” filmlari va boshqalar). O. Xo’jaev, R. Hamroev, S. Saidov, A. Rafiqov kabi aktyorlarning kinodagi Diktorlik faoliyati alohida ahamiyatga molikdir. Mohina Ashirova.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz