DIKKENS (DICKENS) CHARLZ
DIKKENS (DICKENS) CHARLZ (1812.7.2, Lendport — 1870.9.6, Xeydsxill) — ingliz yozuvchisi. Adabiy faoliyati 1833 yilda boshlangan. Mehnatkash xalqning og’ir ahvoli Dikkens asarlarining bosh mavzusi bo’lgan. Dikkens tanqidiy realism uslubining asoschilaridan hisoblanadi. Hajviy-sentimental ruhda yozilgan “Pikvik klubining o’limidan keying yozishmalari” (1837), “Oliver Tvistning sarguzashtlari” (1838), “Nikolas Niklbi” (1839) romanlari Dikkensni dunyoga mashhur qildi. 19-asr 40-50-yillari Dikkens ijodi gullagan davr bo’ldi. “Martin Chezlvit” (1844) romanida Amerika voqeligidagi salbiy tomonlar tasvirlangan. “Dombi va o’g’li” (1848) romanida insonlik qiyofasini yo’qotgan, manmansiragan ingliz boyvachchalari hajv tig’i ostiga olingan. Tarjimai hol yo’sinidagi “David Kopperfild” (1850) romanida esa o’sha zamonning ijtimoiy ziddiyatlari ko’rsatilgan. Dikkens asarlarida, umuman oddiy kishilar qiyofasi zo’r mahorat bilan aks etadi. 1848 yil Angliyada chartistlar (yo’qsullar) harakati mag’lubiyatga uchragan davrda Dikkens dolzarb ijtimoiy muammolarni qalamga oldi (“Sovuq uy”, 1853; “mashaqqatli zamon”, 1854; “jajji Dorrit”, 1857 va boshqalar). Bular orasida, ayniqsa, “mashaqqatli zamon” romani alohida ahamiyatga ega. “Ikki shaharcha to’g’risida qissa” (1859), “Intizorlik” (1861), “Bizning umumiy do’stimiz” (1865) kabi romanlarida esa Dikkens jamiyatni ijtimoiy inqirozdan olib chiqish yo’llarini badiiy vositalar yordamida tasvirlaydi. “Oliver Tvistning sarguzashtlari” romani o’zbek tilida nashr qilingan (1984).
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz