DIFFERENTSIAL HISOB
DIFFERENTSIAL HISOB – matematikaning hosilalar va differentsiallarni hisoblash, ularning xossalarini o’rganish hamda funktsiyalarni tekshirishga tatbiq qilish bilan shug’ullanadigan bo’limi. 17-asrga kelib Yevropada ishlab chiqarish kuchlarining o’sishi, turli mashina va inshootlarning yaratilishi, kemasoalikning rivojlanishi, ballistika (umuman, harbiy ish) talablari aniq fanlar, jumladan matematika oldiga juda ko’p yangi masalalarni qo’yganligi munosabati bilan Differentsial hisob va integral hisob g’oyalari vujudga keldi. Differentsial hisobning vujudga kelishidagi dastlabki ishlar egri chiziqqa urinma o’tkazish masalasini yechishda ferma, Dekart va boshqa matematiklar tomonidan qilingan. I. Nyuton va G. Leybnis o’zlaridan avvalgi matematiklarning bu boradagi ishlarini nihoyasiga yetkazdilar. 17-asr oxiri va 18- asr boshlarida matematik analiz mustaqil fan sifatida shakllandi. Ad.: Azlarov T. A., Mansurov X., Matematik analiz, l-qism, T., 1994. Tursun Azlarov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz