DIETOLOGIYA



DIETOLOGIYA (dieta va …logiya), dietetika — xasta va sog’lom odamlarning maqbul ovqatlanishi to’g’risidagi ta’limot. Turli kasalliklarga chalingan bemorlarning ovqatlanish tarzini ishlab chiqadi va asoslab beradi. Dietologiya ovqatning kimyoviy tarkibi, ovqatlanish tartibi, uni iste’mol qilish vaqti, hajmi, ovqatlanishlar orasidagi vaqt va boshqalarni o’z ichiga oladi. Dietologiya tarixi uzoq o’tmishga borib taqaladi. Gippokrat o’z davrida bemorni davolash kasallikning turli bosqichlarida u qancha va qanday ovqat eyishini to’g’ri tanlay bilishdan iborat deb ta’kidlagan. O’sha davrda Dietologiyaning asoschilaridan hisoblangan Rim vrachi Asklepiad (miloddan avvalgi 128-50 yillar) parhez to’g’ri tanlangandagina doridarmon yaxshi kor qilishi va nafi bo’lishini aytib o’tgan. U o’z shogirdlari bilan turli xastaliklarni davolashda ovqat mahsulotlaridan to’g’ri foydalana bilish ko’rsatmalarini ishlab chiqqan. Rim vrachi Galen bemorlarning ovqati masalliklariga aloqida ahamiyat bergan. Zamonaviy Dietologiya davolash amaliyotida tibbiyot, biokimyo, fiziologiya, morfologiya va boshqalarda erishilgan eng yangi usul va kashfiyotlardan foydalanadi. O’zbekistonda ham Dietologiya keng o’rganila boshlandi; 1 – va 2-toshti va boshqa tibbiyot institutlarida Dietologiya fan sifatida o’qitiladi, shuningdek, Dietologiya kafedralari mavjud. U yerda dietolog vrach, o’rta maxsus tibbiyot o’quv yurtlarida esa diet hamshiralar tayyorlanadi yoki shu institutlarni tamomlagan mutaxassislar vrachlar malakasini oshirish institutlari va Dietologiya markazlarida Dietologiyaga ixtisoslashtiriladi. Dietologiyani rivojlantirish maqsadida O’zbekiston Sog’liqni saklash vazirligiga qarashli Dietologiya markazi ochildi (1955). Bu markaz mahalliy mahsulotlardan milliy taomlar tayyorlashning yangi texnologiyasini tadbiq qilish va parhezlashtirish ustida ilmiy izlanishlar olib boradi. Dietologiya markazining bir bo’limi — vaznni kamaytirish masalalari bilan shug’ullanadi. Infektsion kasalliklar, sil, operatsiyadan keyingi holatlarda organizmning kasalliklarga qarshilik kuchini oshirish va boshqalarda asosiy davodan tashqari, rangbarang parhez ovqatlar ishlab chiqish va ularni amaliyotda qo’llash Dietologiya oldida turgan muhim muammolardan biridir. Sherzod Zokirxo’jaev, Aziza Zokirova.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz