DIDAKTIK ADABIYOT



DIDAKTIK ADABIYOT – badiiy ifodalangan pand-nasihat tarzidagi adabiyot. Bunda axloqiy-ta’limiy, ilmiy-falsafiy, diniy bilimlar va g’oyalar badiiy talqin qilinadi. Didaktik adabiyot ildizi xalq og’zaki ijodiga borib taqaladi (masalan, “Qobusnoma”). G’arb va Sharq xalqlari, jumladan, turkiy xalqlar adabiyotida Didaktik adabiyot uzoq tarixga ega. Didaktik adabiyotga doir ilk namunalar Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’otit turk” asarida uchraydi. O’zbek mumtoz adabiyotidagi Didaktik adabiyotning dastlabki yirik namunalari Yusuf xos Hojibning “Qutadg’u bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyik” dostonlaridir. Bu asarlarda xalqning adolat, ma’rifat, axloq, odob haqidagi qarashlari, pand-nasihatlari she’riy shaklda bayon etilgan. Didaktik adabiyotdan ijtimoiy, falsafiy, ilmiy qarashlarni ommalashtirish vositasi sifatida ham foydalanganlar (masalan, Ibn Sinonpnt tabobatga oid “Urjuza” she’riy asari). Didaktik adabiyotga xos bo’lgan xususiyatlardan Ahmad Yassaviy, Boqirg’oniy Sulaymon, So’fi Olloyor, Huvaydo, Haziniy kabi tasavvuf namoyandalari ham samarali foydalanganlar. 20-asr o’zbek adiblari Behbudiy, Ayniy, Avloniy va boshqalar ijodida pand-nasihatga alohida ahamiyat berilgan. Ularning asarlarida, maktablar uchun qo’llanmalarida ta’lim-tarbiyaga oid Didaktik adabiyot namunalari ko’plab uchraydi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz