DID



DID (estetikada) — hayot va san’atning barcha sohalarida insonning estetik hodisalarni farqlash, tushunish va baholash qobiliyati. Did uzoq ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot, mehnatning turli sohalaridagi tajribalar natijasida vujudga keladi. Didda shaxs, guruh va xalqning olamga estetik munosabati tajribasi in’ikos etilib, uni har bir kishi turli yo’llar bilan o’zlashtiradi, o’z individual estetik faoliyati bilan boyitadi. Did insonga xos fazilat. U yuksak yoki past, keng yoki tor, cheklangan yoki cheklanmagan, nozik yoki sayoz bo’lishi mumkin. Didning yuksak yoki pastligi biror narsa yoki hodisaga berilgan baho, bildirilgan munosabatda seziladi. Did insonning tabiat, jamiyat, hayot haqidagi tasavvurlari hamda kechinmalari darajasini bildiradi. Did — insonning tarixan shakllanib, o’zgarib turuvchi ma’naviy salohiyatlari ko’rinishidir. Muayyan ijtimoiy-tarixiy hodisalar, turli davrlar silsilasi Didning mazmuni va kurinishiga o’z ta’sirini o’tkazadi. Tabiat, jamiyat, san’at va insondagi go’zallikni xunukliklik, noziklikni qo’pollikdan, yaxshini yomondan ajrata bilish estetik Did xarakteri va darajasini ko’rsatadi. Estetik Did milliy va umuminsoniy xususiyatlarga ega. Milliy xususiyatlar tayin tarixiy sharoit va an’analar bilan, umuminsoniy xususiyatlar esa bashariyat ma’naviy merosi bilan bog’liq. His-tuyg’usiz, ma’naviy kechinmasiz estetik Did amal qilmaydi. Estetik Did muhokamasida mavhum tafakkur emas, ma’naviy tuyg’ular, yorqin his-hayajonlar birinchi o’rinda turadi. Estetik idrok jarayonida, ya’ni biror narsaning estetik qiymatini belgilashda insonning aqliy va hissiy salohiyatlari birgalikda qatnashsada, hissiy mushohada asosiy ahamiyat kasb etadi. Har kimning Didi har xil bo’ladi. Shuning uchun Did yo’nalishini har bir kishining go’zallik haqidagi tushunchasi belgilaydi. Did insonning faqat muomala madaniyatinigina emas, jamiyatdagi muayyan ma’naviy darajasini, kamolotini ham ko’rsatadi. Did insonning kasbi, jinsi, yoshi, madaniyati bilan uzviy bog’liq. Didsizlik — me’yorni buzish, uni bilmaslik va unga amal qilmaslikdir. Qo’pollik va bachkanalik Didsizlik alomatidir. Inson Didi tug’ma emas. U tarbiya orkali takomillashib va taraqqiy etib boradi. Yuksak va somom estetik Didga ega bo’lish kishining ham ma’naviy, ham ruhiy boyligidan dalolat. Estetik Didi takomillashgan va tarbiya ko’rgan odamning madaniy saviyasi yuksak, axloqiy qiyofasi go’zal, aqliy va hissiy kechinmalari chuqurroqdir. Insonning san’at asarlariga munosabati badiiy Didda namoyon bo’ladi. Badiiy Did insonning adabiyot va san’at asarlarini tushunib yetish, baholay olish va ulardan zavqlana bilish salohiyatini ko’rsatadi. Didni shakllantirish va rivojlantirish — estetik tarbiyaning vazifasidir. Ad.: Mahmudov T., Mustaqillik va ma’naviyat, T., 2001. Tilab Mahmudov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz