DIATOMIT
DIATOMIT — bo’sh, sertuproq yoki bo’sh tsementlangan kremniyli cho’kindi tog’ jinsi. Asosan diatom suvo’tlardan tashkil topgan. Tarkibida har xil miqdorda opal sharchalari (globulalar), terrigen va gil minerallari uchraydi. Rangi oq, och kulrang, sarg’ish. Sertuproq yoki tsementlashgan massalar holida bo’ladi. Diatomit mineral tarkibining 70%dan 98% gacha suvli kremnezem (opal)dan iborat. Diatom suvo’tlarning skeletlari yaxshi eruvchan bo’lganligi sababli Diatomit osongina trepel va opokaga aylanadi. Diatomit bo’r davridan boshlab hosil bo’la boshlagan. Asosiy qismi kaynozoy erasida dengiz va ko’llarda to’plangan. Issiqlikni yomon o’tkazadi, kislotaga chidamli. Kimyo, neft, oziq-ovqat, to’qimachilik, farmasevtika sanoatida, shuningdek, issiklik va shovqin o’tkazmaydigan materiallar tayyorlashda ishlatiladi. O’zbekistonda Zarafshon vohasida to’rtlamchi davr (golosen) gil va qumtoshlari tagida karbonatlashgan Diatomit qatlamlari uchraydi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz