DIATOM SUVO’TLAR



DIATOM SUVO’TLAR (Yunoncha diatomos -teng ikkiga bo’lingan) — kremniyli suvo’tlar (Bacillariophyta); suv-o’tlar bo’limiga mansub. 20 mingga yaqin turi bor. Diatom suvo’tlarning mikroskopik (0,75— 1500 mkm), bir hujayrali, yakka yoki kolonial formalari mavjud. Diatom suvo’tlar hujayralari kremniyli ikki pallali qattiq qobiq bilan o’ralgan. Qobiq devorida tashqi muhit bilan moddalar almashinuvi sodir bo’ladigan tirqishlar bor. Diatom suvo’tlarning hujayralarida bir yoki bir nechta yadrochali yadro ustida va bir yoki bir nechta sariq-qo’ng’ir xromatoforalar va boshqa qismlar bo’ladi. Diatom suvo’tlar bo’linib ko’payadi: har bir qiz hujayra ona qobig’ining bir pallasini oladi, boshqasi esa qaytadan o’sadi, bunda eski yarim palla o’z chekkasi bilan yangi yarim pallani tutib turadi. Diatom suvo’tlar ko’payish me’yoriga qarab sekin-asta maydalashadi. Maydalashgan hujayralardan ikkitasi bir-biriga yaqinlashib, pallalari ochiladi va ular o’rtasida kon’yugasiyaga o’xshash jarayon sodir bo’ladi yoki anizogamiya (ba’zan orqamiya) orqali jinsiy ko’payish sodir bo’ladi. Zigotasi autosporaga aylanib o’sadi. Bunday zigota o’sib, dastlabki hujayralarga nisbatan bir necha marta yirik hujayrani hosil qiladi. Ba’zi turlari tinim davrida spora hosil qiladi. Diatom suvo’tlar diploidli, ularning gametalari esa gaploidli. Diatom suvo’tlar suv-o’tlarning tabiatda keng tarqalgan guruhi bo’lib, chuchuk suv va dengizlarda, ayniqsa dengiz tubidagi loyqada, suv o’simliklari va toshlar, nam va boshqa joylarda o’sadi. Hayvonlarga oziq bo’ladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz