DIATEZ
DIATEZ (Yunoncha diathesis — moyillik) — organizmda moddalar almashinuvi jarayonining tug’ma nuqsoni, unda organism funktsiyalari va moddalar almashinuvi surunkali beqaror holatga keladi, bu esa o’ziga xos patologik reaktsiyalar va kasalliklarda namoyon bo’ladi. Diatezning kelib chiqishi vegetativ nerv sistemasi, ichki sekresiya bezlari va odam Konstitutsiyasi bilan bog’liq. Tashqi muhit sharoiti yomonlashganda (ovqatlanish rejimi buzilganda, organizm kasallanganda), Markaziy yoki vegetativ nerv sistemasining funktsiyasi buzilganda a’zolar to’g’ri ishlay olmaydi, moddalar almashinuvi o’zgaradi, natijada organizmning tashki muhitga moslanish xossasi susayadi, reaktivligi o’zgarib, muayyan kasalliklarga moyil bo’lib qoladi. Diatezda hatto odatdagi turmush sharoiti ham patologik reaktsiyalarga, kasallikka sabab bo’ladi. Diatez ko’pincha bolalarda kuzatiladi. Diatezning har xil shakllari bor. Ekssudativ-kataral diatez, limfatik-gipoplastik va nervartrik Diatez ko’p uchraydi. Nervartrik Diatez belgilari yoshga qarab o’zgaradi: go’daklik davrida hazm a’zolari faoliyati buzilib, bola ozishga moyil bo’ladi, asabiylashadi, keyinroq borib, u ozib yoki semirib ketadi, ruhan qo’zg’aluvchan bo’ladi va hokazolar. Gemorragik diatez Diatezning alohida bir turi hisoblanadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz