DIATERMIYA



DIATERMIYA (dia… va Yunoncha therme — issiqlik, harorat) — elektr b-ilan davolash usullaridan biri, bunda gavda ichkarisidagi to’qima va a’zolar yuqori chastotali (1000-1650 kgs) va katta kuchli (3 A gacha) o’zgaruvchan tok bilan isitiladi. Diatermiyada butun organizmni isitmay turib, gavdaning istalgan joyida ancha ichkaridagi to’qimalar t-rasini tez ko’tarish mumkin. Bunda to’qimalardagi issiqlik tashkaridan berilgan issiqlikka nisbatan uzoqroq ushlanib turadi. To’qimalarni qizdirish tufayli qon va limfa aylanishi yaxshilanadi, moddalar almashinuvi kuchayadi. Diatermiya leykositlarning himoya funktsiyasini oshiradi, shu tufayli o’rtacha o’tkir va surunkali yallig’lanish kasalliklarini davolashda ko’p qo’llaniladi. Yuqori chastotali o’zgaruvchan tok tebranishlari Markaziy va periferik nerv sistemasining qo’zg’aluvchanligini kamaytirib, og’riqni bosadi, bu esa nevralgiya, nevrit, radikulit, bod va boshqa kasalliklarni davolashda qo’l keladi. Skelet muskullari va ichki a’zo (jumladan, qon tomiri) muskullari issikda bo’shashadi. Shuning uchun qon tomirlarining torayishiga aloqador kasalliklarga, siydik va o’t yo’llari, shuningdek, o’t pufagi spazmiga, me’da va o’n ikki barmoq ichakning yara kasalligiga davo qilishda Diatermiyadan foydalaniladi. Jarrohlik, dermatologiya va boshqa sohalarda to’qimalarni kuydirish va qirqish uchun Diatermiya qulay, chunki unda deyarli qon oqmaydi, og’riq kam bo’ladi, o’sma hujayralari va infektsiya tarqalish xavfi kamayadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz