DIALIZ



DIALIZ (Yunoncha dialysis — ajratish) — kolloid sistemalar va yuqori molekulali birikmalarning eritmalari tarkibidagi quyi molekulali moddalarni yarimo’tkazgich membranalar (kichik molekula va ionlarni o’tkazib, kolloid zarrachalar hamda ionlarni va makromolekulalarni ushlab qoladigan pardalar) yordamida yo’qotish. Diffuziya qonunlariga asoslangan. Dializatorlarda olib boriladi. Oddiy dializator distillangan suv saqlanadigan idish (3) va suvga botib turadigan shisha tsilindr (1) dan iborat. Shisha tsilindrning og’zi ochiq bo’lib, tubi parda — membrana (2) bilan to’silgan. Tsilindrga tozalanadigan kolloid eritma quyiladi. Idishdagi suv tsilindr devorlarini yuvib, muttasil oqib turadi. Kolloid eritmaning ion va molekulalari tsilindr tagidagi pardadan o’tib, suvning ion va molekulalari bilan almashinadi. Bu jarayon juda sekin o’tadi. Ionlarning diffuziyalanish jarayonini elektr maydon ta’sirida tezlashtirish mumkin. Elektr dializator dializlanadigan sistemalarni elektrolitlardan tozalashni bir necha o’n marta tezlatadi. Dializ sanoatda turli moddalarni tozalashda ishlatiladi. Masalan, sun’iy tolalar ishlab chiqarishda (gemisellyulozadan ishkrrni ajratish), jelatinani tozalashda, shuningdek, farmasevtik preparatlar tayyorlashda qo’llaniladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz