DIAGNOSTIKA
DIAGNOSTIKA (Yunoncha diagnostikos — aniqlashga qodir) — klinik tibbiyot va veterinariyaning kasallikni aniqlash, uni davolash va oldini olish tadbirlarini ishlab chiqish maqsadida organizmni tekshirish usullarini o’rganadigan bo’limi. Diagnostika fan sifatida uch asosiy qismga bo’linadi: 1) bemorning shikoyatlarini yig’ish va o’rganish metodikasi, kasallanish va hayot tarixi, shuningdek, diagnostik texnika, ya’ni bemorni tekshirish usullari; 2) kasalliklarda kuzatiladigan har xil belgilar (simptomlar) haqidagi ta’limot (semiotika); 3) bemorni tekshirib, olingan ma’lumotlarni tanqidiy nuqtai nazardan baholab, tashhis qo’yish uchun vrachning muhokama yuritish metodikasi, ya’ni tashhis metodikasi. Bemorni tekshirishda, avvalo, uning sezgilari, kasalligi qachon boshlangan va qanday o’tgani, mehnat va turmush sharoiti yo o’zidan, yoki yaqin kishilaridan (go’dak bolani tekshirishda onasidan) so’rab olinadi, ya’ni anamnez to’planadi. Anamnez to’plash va bemorning kasallik tarixini to’g’ri bayon qilib berish tashhis uchun g’oyat katta ahamiyatga ega. Ob’yektiv tekshirishda bemor ko’zdan kechiriladi va palpatsiya, perkussiya, auskultasiya metodlari qo’llaniladi. Nerv sistemasi va sezgi a’zolarini tekshirishda reflekslar, sezuvchanlikning har xil turlari, ko’ruv va eshituv, ta’m va hid biluv o’tkirligini aniqlash uchun maxsus usullar tatbiq etiladi. Oliy nerv faoliyatini o’rganish Diagnostikaning muhim vazifalaridandir. Bundan tashqari, gavda temperaturasi va qismlari o’lchanadi (termometriya va antropometriya), ichkariroqda joylashgan a’zolarni tekshirishda har xil ko’zgular (quloq, burun, hiqildoq, qin ko’zgulari) va optik asboblar (ko’zni tekshirishda — oftalmoskop, qizilo’ngachni ko’rishda — ezofagofibroskop, me’da-ichak tekshirishda — gastroduodenofibroskop, kolonoskop va hokazolar) dan foydalaniladi. Yurak va tomir harakatlarini qog’ozga yoki foto-plyonkaga yozib olish (kardiografiya va sfigmografiya) ning ahamiyati katta. Yurak va miyadagi elektr potentsiallarining o’zgarishlarini qayd qilish (elektrokardiografiya va elektroentsefalografiya) ayniqsa kimmatli usuldir. 20-asr oxirida ichki a’zolar kasalliklari Diagnostikasida ultratovush texnikasi, magnit rezonans apparati, kompyuter tomografiya usullari keng qo’llanila boshladi. Ba’zi kasalliklarni aniqlashda radioaktiv izotoplar tatbiq etiladi. Bunda nafas olish, qon aylanish, ajratish a’zolari va endokrin sistemalar holati, shuningdek, moddalar Almashinuvining buzilishi aniqlanadi. Laboratoriyada qon, siydik, axlat, balg’am, shuningdek, ko’mik, jigar, taloq, limfa tugunlarini punktsiya qilib olingan materiallar mikroskopik, fizik va kimyoviy tekshirishdan o’tkaziladi. Kasallikni qo’zg’atgan mikroblar va immunitetnk aniklash maqsadida o’tkaziladigan bakteriologik, immunologik va serologik metodlar Diagnostika uchun katta ahamiyatga ega. Hozirgi radiotelemetrik Diagnostika usuli (biror ko’rsatkichni masofadan o’lchash) ishlab chiqilgan. Ayrim hollarda kasallik simptomlari kam, chalkash bo’lishi yoki tipik bo’lmasligi mumkin. Bunday hollarda differentsial Diagnostika usuli qo’llaniladi: vrach bemorda topilgan simptomlarni taxmin qilinayotgan kasalliklarga mos kelish-kelmasligini mukammal tahlil qilib, taxmin qilinayotgan kasalliklarni hisobdan chiqara boradi va shu yo’l bilan muayyan xulosaga kelgach, kasallikka tashhis qo’yadi. Funktsional kasalliklar Diagnostikasida tashhis qo’yishda asosiy va yo’ldosh kasalliklar hamda asoratlar sabablari aniqlanadi, sistema va a’zolar faoliyatining buzilish darajasi belgilanadi, tekshirilayotgan bemorning shunday kasallik bilan og’rigan boshqa bemordan farq qiladigan fiziologik xususiyatlari hisobga olinadi. Patologo-anatomik Diagnostikada bemor vafot etganidan keyin uni yorib olingan ma’lumotlar va to’qimalar biontatini taxlil qilish asosida tashhis qo’yiladi. Diagnostikani takomillashtirishda telekommunikasiya, Internet va elektron aloqalardan foydalanish mumkin. Veterinariya Diagnostikasi umumiy va maxsus bo’ladi. Umumiy Diagnostikada kasal hayvonni ro’yxatga olinadi, analizlar yig’iladi, shilliq qavati, limfa tugunlari, yungi, terisi tekshiriladi, harorati o’lchanadi va hokazolar. Maxsus Diagnostikada esa ichki a’zolar, qon, siydik, oshqozon va ichakdagi narsalar, orqa miya suyuqlig’i, go’ngi va boshqalar tekshiriladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz