DIAFRAGMA
DIAFRAGMA (Yunoncha diaphragma — to’siq) — 1) biror fizik sistemaning qismlarini ajratib turuvchi to’siq; 2) optikada — optik sistemalar (teleskop, mikroskop, spektroskop, kino va fotoapparatlar va boshqalar) da yorug’lik nuri dastasining ko’ndalang kesimini cheklovchi noshaffof to’siq. Shaffof ekrandagi kichik teshik ham Diafragma bo’ladi. Linza va ko’zgu gardishi, ko’z qorachig’i va boshqa optik buyumlar Diafragma vazifasini bajaradi. Optik sistemaning yorug’lik kuchi va tasvir sifati Diafragmaning katta-kichikligi va vaziyatiga bog’liq bo’ladi. Foto – va kinoapparatlarda Diafragma ob’yektiv ichida linzalar orasiga joylashtiriladi. Hozirgi zamon foto va kinoob’yektivlari Iris Diafragma bilan ta’minlanadi. Iris Diafragma halqaga o’rnatilgan bir nechta o’roqsimon yaproqchalardan iborat. Halqani burib, ob’yektivdagi teshik kattaligini o’zgartirish mumkin. Yorug’lik nurlari optik sistemadan chiqayotganda ular maydonini g’oyatda toraytiradigan Diafragma apertura Diafragmasi deyiladi; 3) elektron optikada — zaryadlangan zarralar dastasi kesimini cheklovchi elektr o’tkazuvchi plastinkadagi tirqish; 4) o’lchash texnikasida — quvurlardan oqayotgan bug’, gaz va suyukliklar sarfini o’lchashda qo’llaniladigan teshikli disk; 5) turbinalarda — yo’naltiruvchi apparat kurakchalari o’rnatiladigan halqasimon to’siq; 6) gidrotexnika inshootlarida — gidravlik zulfin elementi; beton, temirbeton, metall, ba’zida yog’ochdan qilingan vertikal devor ko’rinishidagi qurilma.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz