DIAFILM



DIAFILM (dia… va film) — umumiy mavzu asosiga birlashtirilgan va kinoplyonkaga tushirilgan harakatsiz oq-qora yoki rangli fotografik tasvir. Diafilm filmoskop yoki tasvirni ekranga tushiradigan diaproektor orqali ko’riladi. Tasvir tovush bilan birga namoyish qilinishi mumkin. Diafilm badiiy, hujjatli, ilmiy-ommabop, o’quv va boshqa janrlarda yaratiladi. Diafilmni tayyorlashda ayrim kadrlar (odatda 50-70) muayyan mavzu va adabiy matn asosida birlashtiriladi. Diafilm ma’ruza, targ’ibottashviqot ishlarida, maktab-o’quv dasturini o’tishda muhim vosita hisoblanadi. Ayniqsa, bolalarda estetik didni tarbiyalash va rivojlantirishda, atrof muhitga qiziqish uyg’otish va mehnat ko’nikmasi hosil qilishda muhim ahamiyatga ega. O’zbekistan ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar studiyasida Diafilm 1971 y.dan ishlab chiqariladi. “Egri va to’g’ri” birinchi Diafilmdir. 1972 yildan buyon 100 dan ortiq nomda (chizilgan, fotografik, oq-qora, rangli va boshqalar) Diafilmlar ishlab chiqarildi (“Tohir va Zuhra”, “boy ila xizmatchi”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Ur to’qmoq!”, “Zumrad va Qimmat”, “Oltin baliq”, “qarshi cho’li”, “Sehrli yurt” va boshqalar). Bir yilda 8-10 mavzuda 270 tirajda Diafilm ishlanadi. Turdi Nodirov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz