DI, BEYDI



DI, BEYDI — Xitoydan shimolda, Sharqiy Xitoy dengizidan Turkistonga qadar yoyilgan hududlarda yashagan turkiy qavmlarning qadimgi ajdodlarini xitoycha nomlanishi (miloddan avvalgi 20-asr — miloddan avvalgi 4-asr). Qadimgi davrda Dilar jun libos kiyib, boshlariga qush patlari taqishgan, yerto’la va g’orlarda yashashgan. Dilarga mansub olti yirik qabila itlarni muqaddas deb bilgan. Janubda yashovchi Dilar chorvachilik bilan bir qatorda dehqonchilik bilan ham shug’ullanganlar. Miloddan avvalgi taxminan 2-ming yillik oxirlarida ishlab chiqarish taraqqiy etib, temirdan qurol-aslahalar yasay boshlashgan, shu davrda qabilalar Ittifoqi shakllanib, ular asosida dastlabki xonliklar vujudga kelgan. Dilar endilikda qishda kulba uylarda, yozda esa chodir va o’tovlarda yashashgan, shomonlikka e’tiqod qilishgan. Shomon dini aqidalariga ko’ra, dunyo tomonlari (Sharq, janub, G’arb, shimol) ni ko’k (baland, ulug’) qizil, oq, qora ranglar bilan anglatishgan. Shuning uchun miloddan avvalgi 9-asrdan boshlab Xitoy manbalari Dilarni 2 etnik guruhga — chidi — “Qizil Dilar” va baydi — “oq Dilar”ga ajratgan, ular ham o’z navbatida bir qancha qabilalarga bo’linganlar. Bu Dilar ko’pincha junlar (jundi) bilan birgalikda Xitoyga chopqunlar qilib turishgan. Janubiy-Sharqiy Dilarning garchi o’z xonliklari bo’lsada, ular ba’zi Xitoy podsholiklarining asosiy aholisini tashkil etgan. Taykong xonligi davri (miloddan avvalgi 2188— 2160) da tanazzulga uchragan dehqonchilik Dilar yordamida qayta rivojlangan. Tadqiqotchilarning fikricha, qadimgi xitoyliklar she (miloddan avvalgi 2140— 1711), Shong (miloddan avvalgi 1711 — 1066) xonliklari davrida ot minish mahoratini Dilardan o’rganishgan. Chunchyu (miloddan avvalgi 770-476), Jango’ (miloddan avvalgi 476-221) davriga oid manbalarda eng dastlabki jang aravalari va otliq qo’shinni saf bo’lib jang qilish tizimini Dilar boshqa xalqlardan avval qo’llaganliklari haqida ma’lumotlar bor. Ammo shu bilan birga Janubiy-Sharqiy Dilar xitoyliklar bilan assimilyatsiyalashib, ularning madaniyatini qabul qilib, asta-sekin til va urf-odatlarini o’zgartira boshlashgan. Miloddan avvalgi 607 yil Dilarning Surman qabilasi boshchiligidagi xonligi kulashi bilan Sharqiy — “Baland (ulug’) Dilar” tarixi tugaydi. “Qizil Dilar”ning Lu (Luzi) xonligini tashkil etgan qismi Jin xonligi tomonidan qirib tashlanadi, ikkinchi qismi esa shimolga ko’chib ketgan. Miloddan avvalgi 450 yil Jin xonligi Dlarning Cho’vyuv xonligini ham tugatgan. Milodiy 4-asrda Di atamasi xun, Xu atamasi bilan almashadi. Tarixiy manbalarda Dilarning ayrim qabilalari — Dingling, tele, dili, govchi (qongqil) larning nomi uchraydi. Abduxoliq Aytboyev.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz