DEZINSEKTSIYA
DEZINSEKTSIYA (dez… va lotincha insectum — hasharot) — yuqumli kasallik qo’zg’atuvchilarni tarqatadigan zararkunanda bo’g’imoyoqlilarni yo’qotish uchun qo’llaniladigan chora-tadbirlar majmui. Dezinsektsiya odam va hayvonlarda turli infektsion kasalliklarni tashib yuradigan bo’g’imoyoqlilar (kana, pashsha, bit, chivin, iskabtopar), shuningdek, turarjoylardagi suvarak, qandala, burgalarni qirish uchun o’tkaziladi. Dezinsektsiya terminini birinchi bo’lib rus mikrobiologi N. F. Gamaleya kiritgan (1910). Profilaktik va qiruvchi Dezinsektsiya bo’ladi. Profilaktik Dezinsektsiyaga shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilish, chiqindilarni vaqtida chiqarib tashlash, turarjoy va xo’jalik binolarini Ozoda saqlash, hovuz va ariqlarni tozalash, hasharotlar paydo bo’lishi va ko’payishining oldini olish kiradi. Qiruvchi Dezinsektsiya fizik, kimyoviy va biologik usullar bilan amalga oshiriladi. Ko’proq kimyoviy vositalar (jumladan insektisidlar) qo’llaniladi. Ular ta’sir etish mexanizmiga ko’ra teri orqali ta’sir etadigan (xlorofos, trixlofos va boshqalar), ichak orqali ta’sir etadigan (bor kislota, bura, butadion va boshqalar) va fumigant — hasharot organizmiga nafas yo’llari orqali ta’sir etadigan vositalarga bo’linadi. Biologik Dezinsektsiya usuli zarakunandalarni “bir-biriga yedirish”ga (masalan, patogen mikroorganizmlar, gelmintlar, viruslar va hokazolar), fizik Dezinsektsiya esa yuqori yoki past bosim bilan ta’sir etishga asoslanadi. Bu usullar yordamida hasharotlarning ko’payishiga ancha chek qo’yiladi. Veterinariyada Dezinsektsiya chorva mollari sog’lig’iga zarar yetkazadigan va ular mahsuldorligining pasayishiga olib keladigan hasharotlar va kanalarni yo’qotishga qaratilgan tadbirlardir. Hayvonlar, chorvachilik va parrandachilik binolari, fermalar hududlari, omborxonalar, hayvonot xom ashyosini qayta ishlash korxonalari, kushxonalar, go’sht kombinatlari, veterinariya-sanitariya nazorati o’rnatiladigan boshqa ob’ektlarda o’tkaziladi. O’zbekistonda veterinariya sohasida Dezinsektsiya masalalari bilan shug’ullanish uchun 1961 yilda O’zbekistan veterinariya ilmiy tadqiqot institutida maxsus Araxnoentomologiya laboratoriya tashkil etildi. Laboratoriya gnus va boshqa xavfli hasharotlar va entomozlarga qarshi Dezinsektsiya choralari joriy etish va tadqiq qilish ishlarini yo’lga qo’ydi. 40 dan ortiq kimyoviy insektisid, 12 mikrobiologik, 2 ta probiotik preparat, 3 ta antomofaglar va chivinlar feromoni (muskalyur) qo’llanishga tavsiya etildi. Respublikada veterinariya amaliyotida tsimbush (tsipermetrin), desis, nurel, butoks va boshqalar qo’llanilmoqda. Dehqonchilikda Dezinsektsiya urug’lik va kuchatlar, zaxira oziq-ovqat va yem uchun muljallangan mahsulotlar zaxirasidagi va o’simliklardan olingan texnikaviy xom ashyolardagi, omborlar, un va yorma ishlab chiqaradigan korxonalardagi zararkunanda qasharotlarni yo’q qilishda qo’llaniladi. Odatda, kimyoviy Dezinsektsiyada brommetil, dixloretan, xlorpikrin, metallixlorid va boshqalar bilan fumigasiyalash, bino ichini tarkibida geksaxloran yoki uning gamma-izomerlari bo’lgan aerozollar bilan ishlash, sirtdan ta’sir qiluvchi insektisidlar purkash, urug’lik zaxirasini insektisid va akarisid dustlari bilan changlash; novda, kalamchalarni insektisid va akarisidlardan tayyorlangan suyuklikka botirib olish va boshqalar qo’llaniladi. Ayrim hollarda don va oziq-ovqat mahsulotlarining idish va qoplari insektisidlar bilan ishlanadi, past haroratda sovitiladi yoki yuqori qaroratda qizdiriladi. Dezinsektsiyaning oddiy usuli — zararkunanda tushgan urug’lik boshqa joyga ko’chiriladi yoki maxsus mashinalarda tozalanadi. Shonosir Shovahobov, Ahror Ro’zimurodov, Abdukarim Zikiryoyev.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz