DEZINFEKTSIYA
DEZINFEKTSIYA (dez… va infektsiya), yuqumsizlantirish — yuqumli kasalliklarni qo’zg’atuvchi mikroorganizmlar (bakteriyalar, viruslar va boshqalar) ni yo’q qilish. Keng ma’nodagi Dezinfektsiyaga odam bilan hayvonlar uchun zararli hasharotlarni yo’q qilish — dezinsektsiya va zararli kemiruvchilarni yo’q qilish — deratizatsiya ham kiradi. Profilaktik, kundalik, yakunlovchi Dezinfektsiya bo’ladi. Profilaktik Dezinfektsiya yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida uy anjomlari, idish-tovoqlarni, jamoat to’planadigan joylar (bozor, do’kon, bolalar muassasasi, hammom, oshxona, transport va boshqalar) ni, tashlandilarni muntazam ravishda yuqumsizlantirishdir. Suvni yuqumsizlantirish, sutni pasterizasiya qilish ham profilaktik Dezinfektsiyaga kiradi. Bemor yotgan uyda uzluksiz kundalik Dezinfektsiya o’tkaziladi. Yakunlovchi (oxirgi) Dezinfektsiya bemor kasalxonaga yotqizilganidan, sog’ayib ketganidan yoki vafot etganidan keyin amalga oshiriladi. Dezinfektsiyada mexanik, fizik va kimyoviy vositalar qo’llaniladi. Bino va undagi buyumlarni ho’l latta bilan tozalash, kiyim-kechak va ko’rpa-yostiqni qoqish, chang so’rgich bilan tozalash, binoni oqlash, bo’yash va boshqa mexanik vositalarga kiradi. Kiyim-kechak va binolar shu yo’l bilan 50— 75% mikroblardan xalos bo’ladi. Quritish, quyosh nuri, ultrabinafsha nurlar (simob-kvars lampalari), tashlandilarni yoqib yuborish, idish va boshqa buyumlarni qatronlash, suvga sovun va ishqor solib qaynatish, qay-noq suv, dezinfektsiya kameralarida va maxsus apparat (avtoklav)da suv bug’i va issiq havodan foydalanish fizik vositalar hisoblanadi. Kimyoviy vositalarga kislotalar, ishqorlar, xlorli ohak, xloramin, fenol, krezollar (lizol, naftalizol), formalin, sulema va boshqa moddalar kiradi. Bir qator yuqumli kasalliklarda Dezinfektsiya uy sharoitida o’tkaziladi. Yuqumli ichak kasalliklari (ich terlama, dizenteriya) da bemor yotgan uy har kuni ho’l latta bilan tozalanadi, u foydalangan idish-tovoq 1% li soda eritmasida, ich kiyimlari 2% li sovun-sodali yoki biror yuvuvchi vosita eritmasida 15 minut qaynatiladi. Parazitar yuqumli kasalliklar (tepkili terlama, qaytalovchi terlama) da bemor va unga yaqin yurgan kishilarni Dezinfektsiya qilishda yuqumsizlantiruvchi vositalar qo’llanib, bemorning kiyim-kechagi va ko’rpa-yostig’i Dezinfektsiya kamerasiga yuboriladi. Gripp kasalligida bemorning idishtovog’i qaynoq suv bilan 2-3 marta yuviladi (yaxshisi, birorta yuvuvchi vosita eritmasida qaynatiladi), ro’molchasi, sochig’i yuvuvchi vosita eritmasiga bo’ktirilgach, qaynatiladi. Bemor yotgan xonani teztez shamollatib, polixloraminning 0,2% li eritmasiga ho’llangan latta bilan kuniga 2-3 marta artib turiladi. Kasallik turiga qarab Dezinfektsiya chora-tadbirlari o’ziga xos tartib asosida o’tkaziladi. Dezinfektsiya ishini epidemiyaga qarshi tadbirlar rejasi asosida dezinfektsiya sanitariya-epidemiologiya stansiyalari, kasalxonalar, poliklinikalar, vrachlik uchastkalari O’zbekiston Sog’liqni saqlash vazirligining qarorlarida ko’rsatilgan muddatlarda amalga oshiradi. Veterinariyadagi Dezinfektsiya epizootologik, veterinariya-sanitariya ahamiyatiga ega bo’lgan profilaktik, kundalik va yakunlovchi Dezinfektsiyalarga bo’linadi. Profilaktik Dezinfektsiya infektsion kasalliklar kelib chiqishining oldini olish, kundalik Dezinfektsiya kasal hayvonlar mavjudligida, yakunlovchi Dezinfektsiya infektsiya manbaini to’liq yuqumsizlantirish maqsadida olib boriladi. Profilaktik Dezinfektsiya chorvachilik fermalarida va boshqa qishloq xo’jalik hayvonlari to’planadigan joylarda, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarda o’tkaziladi. Chorvachilik xo’jaliklarida Dezinfektsiya oldindan rejalashtirilgan muddatlarda, bahorda mollarni yaylovga chiqarishdan oldin, binolarni esa kuzda mollarni bog’lovga qo’yishdan avval, go’sht kombinatlarida mollarni so’yishdan oldin va keyin o’tkaziladi. Sutni pasterizasiya qilish, terini, suvni yuqumsizlantirish ham profilaktik Dezinfektsiyaga kiradi. Mexanik Dezinfektsiya (molxona va hududlarni tozalash, oqlash, bo’yash va hokazolar), fizik Dezinfektsiya (alanga, ultrabinafsha nurlar, rentgen nurlari, gamma nurlar, tashlandiqlarni yoqib yuborish, suvda qaynatish, maxsus dezinfektsiya kamerasi va apparatlarida termik ta’sir o’tkazish), kimyoviy Dezinfektsiya (kislota, ishqor, xlorli ohak, xloramin, fenol, krezol, lizol, naftalizol, formalin va boshqalar) ham profilaktik choralarga taalluklidir. Kundalik Dezinfektsiya veterinariya muassasalarida, fermalarda, izolyatorlarda va boshqa mollar turadigan joylarda kasallik chiqqan vaqtda, uning tarqalishini cheklash, oldini olish maqsadida yuqorida ko’rsatilgan usul va vositalar yordamida o’tkaziladi. Yakunlovchi Dezinfektsiya chorvachilik fermalarida va veterinariya muassasalarida, izolyatorlarda sporadik epizootiya tugatilib, kasal mollar olib chiqib ketilgach, o’tkaziladi. Qishloq xo’jaligida urug’lik, ekish materiallari, tuproq, issiqxonalar, don, meva va sabzavot saqlanadigan omborlar, daraxtlarning shikastlangan joylari va boshqalar Dezinfektsiya qilinib, kasallik tarqatuvchilardan tozalanadi. Bu ish mexanik (o’simlik qoldiklarini kuydirish, tuproqni bug’lash) va kimyoviy (zamburug’ va bakteriyalarni o’ldiradigan moddalar qo’llash) usullari bilan amalga oshiriladi. Uruglik va ekish materiallari granozon, merkuran, geksaxlorbenzol, formalin va boshqa preparatlar bilan, binolar oltingugurt dudlab, ohak suvi bilan oqlab yoki ohakning xlorli suspenziyasi, formalin bilan purkab Dezinfektsiya qilinadi. Issiqxona va parnik tuproqlari karbation, formalin, xlorpikrin bug’i yoki gazi bilan dudlash yoki zaharli moddalarni qo’llash bilan kimyoviy Dezinfektsiya qilinadi. Tuproqni Dezinfektsiya qilishda zaharli preparatlar bevosita tuproqqa solinadi. Shonosir Shovahobov, Ahror Ro’zimurodov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz