DEZAMINLANISH



DEZAMINLANISH — organik birikmalar molekulasidan amin (NH2) guruhining ajralib chiqish jarayoni. Dezaminlanishda NH2 guruhi boshqa guruhlar (masalan, N, OH, OR) bilan almashinadi yoki qo’shbog’lar hosil bo’ladi. Biokimyoviy Dezaminlanish maxsus fermentlar ishtirokida boradi. Bir necha tur Dezaminlanish mavjud: oksidlanuvchi Dezaminlanish aminokislotalarning tirik organizmda parchalanishi natijasida ro’y berib, ajralib chiqqan aminoguruhlar o’rniga tegishli ketokislotalar hosil bo’ladi. Jarayon aminokislotalarning oksidaza fermentlari ishtirokida kechadi. Organizmda aminokislotalar dekarboksillanganda hosil bo’ladigan aminlar ham oksidlanish yo’li bilan dezaminlanadi. Bu aminlarning aksariyati zaharli bo’lib, ularni zaharsizlantirishda Dezaminlanish muhim ahamiyatga ega. Aminooksidazalar aminlarning Dezaminlanish jarayonini katalizlaydi. Qaytaruvchi Dezaminlanish ikki aminokislota orasidagi oksidlanish qaytarish reaktsiyalari asosida ro’y beradi. Bunda ikkala aminokislota ham dezaminlanadi (masalan, alanin va glisin o’rtasidagi reaktsiya). Ichki molekulyar Dezaminlanishda to’yinmagan kislotalar hosil bo’ladi. Bir qator aminokislotalar (masalan, o’simliklarda asparagin kislota va ba’zi bakteriyalar; odam jigarida gistidin) shu reaktsiya asosida dezaminlanadi. Gidrolitik Dezaminlanishda oksikislotalar hosil bo’ladi. Bu reaktsiya asosida mog’or zamburug’lari, ba’zi bakteriyalar va hayvon to’qimalarida purin asoslari hamda pirimidin asoslari dezaminlanadi. Dezaminlanish organik sintezda, hayvonot, o’simlik va mikroorganizmlar hayot faoliyatida muhim ahamiyatga ega.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz