DEYVIS



DEYVIS, Devis (Davis) Uilyam Morris (1850.12.2, Filadelfiya — 1934.5.2, Posadena) — amerikalik geolog va geograf. Amerika geomorfologiya maktabining asoschisi. Relef rivojlanishining geografik tsikli haqidagi ta’limotni yaratgan. Kembrijdagi (AQSh) Garvard universitetining professori Amerika geograflari assotsiatsiyasiga asos solgan (1904) va Amerika geologiya jamiyati prezidenti (1911), bir qancha geologiya va geografiya jamiyatlarining faxriy a’zosi. 1890-1915 yillarda AQSh geologiya xizmatida ishlagan; AQSh, Janubiy Amerika mamlakatlari va G’arbiy Yevropa mamlakatlarida ilmiy tadqiqot ishlari olib borgan. 1903 yilda Turkistonning cho’l rayonlarini, jumladan Qozog’iston past tog’lari (Sariorqa) relefini o’rgandi. Geomorfologiya faniga peneplen tushunchasini kiritdi. Tyanshandagi umumiy sirt relef shakllarini yoshargan peneplenlar deb atadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz